Toshkentda Yandex dasturlash maktabiga nomzodlarni saralash boshlandi. Bu haqda Rossiya kompaniyasi matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

Joriy yilning 11-sentabridan 8−10-sinf o‘quvchilaridan Python tilida dasturlash asoslari bo‘yicha yillik kursga arizalar qabul qilinmoqda.

Ishtirokchilar kodlash ko‘nikmalarini egallash uchun asosiy tushunchalar, konstruksiyalar va kutubxonalar bilan tanishishadi.

Mashg‘ulotlar haftada ikki marta, maktabda asosiy darslar tugaganidan keyin 2 akademik soat davomida o‘tkaziladi. O‘quv jarayonida ishtirok etish — bepul.

Kurslarga yozilish uchun havola ariza shaklini to‘ldirish kerak. Nomzodlar 21-sentabr soat 23:00gacha topshirish kerak bo‘lgan, onlayn test havolasi ko‘rsatilgan xat olishadi.

Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlar suhbatga taklif qilinadi. Shundan so‘ng ular tinglovchilar safiga qabul qilinadi.

Avvalroq “Vention” kompaniyasi Python bo‘yicha amaliyot dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.