Kelasi yil yakunigacha AQShning IT-autsorsing va BPO kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 1500dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Joriy yilning 18-sentabr kuni Amerikaning Ostin shahrida vazir Sherzod Shermatov AQSh IT va BPO korxonalari bilan uchrashdi.

O‘zbekistonning BPO va IT-autsorsing salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirda 25ta IT va BPO kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston autsorsing salohiyati, xususan, mamlakatda mavjud bo‘lgan IT, BPO va KPO xizmatlar autsorsingi imkoniyatlari tahlil etildi. Shu bilan birga, mamlakatning IT va BPO sohasidagi qulay sarmoyaviy muhiti va AQShdagi IT va BPO korxonalar imkoniyatlardan qanday foyda olishi mumkinligi hamda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, vazirlik va “IT Park” tomonidan ishlab chiqilgan yangi tashabbuslar asosida AQSh kompaniyalari O‘zbekistonga imtiyozli ravishda jalb qilinishi mumkin.

Yakunda bir qator takliflar taqdim etildi. Xususan, “Cognizant”, “Sutherland”, “World Connection”, “GlobalNowIT”, “Alorica”, “Protel BPO” hamda “CIVA Technologies” kabi kompaniyalar O‘zbekistoning IT-autsorsing imkoniyatlarini va bozorini o‘rganadi.

Shuningdek, 9 ta kompaniya — “Cognizant”, “World Connection”, “GlobalNowIT”, “Alorica”, “iBridge Czech”, “Numeric Technologies”, “GlowTouch Technologies”, “Improving”, “Prudent Consulting” mamlakatda yangi ish o‘rinlarini tashkil etadi. Natijada, $150 mln miqdoridagi IT-xizmatlar eksportini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Bu esa “GlobalNowIT”, “Alorica”, “iBridge Czech”, “Numeric Technologies”, “GlowTouch Technologies”, “Improving” hamda “Prudent Consulting” kompaniyalariga O‘zbekistonda rasmiy vakolatxonalarini tashkil etish va ularga “IT Park” rezidenti maqomini berish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, mazkur kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishi natijasida IT-xizmatlar eksporti hajmi oshirilib, 2024-yilning yakunigacha 1500dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.


Avvalroq Qozog‘istonning Qarag‘anda poyabzal fabrikasi O‘zbekiston kompaniyalari bilan autsorsing asosida maxsus poyabzallar ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishi haqida xabar berilgandi.