Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston energiya taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga yordam beradi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

“Taqsimlash tarmog‘ini raqamli transformatsiya qilish va barqarorligini oshirish” loyihasi doirasida mamlakat hududlaridagi 26ta taqsimlovchi podstansiyalar raqamli podstansiyalarga, dispetcher nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish (SCADA) tizimiga modernizatsiya qilinadi. Bank mazkur loyiha doirasida $200 mln miqdoridagi qarzni ma’qulladi.

Raqamli himoya relesi va iqlimga chidamli loyiha podstansiyalarning tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo hodisalar paytida ishlash ishonchliligi va chidamliligini oshiradi hamda mintaqaviy elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini oladi.

“Eskirib qolgan taqsimlash tarmog‘ini modernizatsiya qilish mamlakatning yashil va kam uglerodli strategiyasi uchun muhim ahamiyatga ega. Biz nafaqat energiya xizmatlari sifatini yaxshilash, balki issiqxona gazlari chiqindilarining ko‘payishiga olib keladigan elektr yo‘qotishlarini kamaytirish orqali toza energiyaga o‘tishni osonlashtiradigan loyihani qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.

O‘zbekistonning taqsimlash tizimi 7,6 million maishiy va sanoat iste’molchilariga xizmat ko‘rsatadi. Xonadonlar 100% elektrlashtirilganiga qaramay, mamlakat asosan 1960-yillarda qurilgan eskirayotgan va haddan tashqari yuklangan infratuzilma sabab ishonchsiz elektr ta’minotidan aziyat chekmoqda, deyiladi xabarda.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar hozir ham davom etmoqda va ular ayniqsa qishda, past haroratlarda isitish uchun elektr energiyasiga ehtiyoj ortganida yuqori darajada bo‘ladi, bu esa maktab va poliklinika kabilar ijtimoiy xizmatlarining faoliyatini murakkablashtiradi.

O‘zbekistonda energiyaga bo‘lgan talab 2019-yildagi 67 teravatt-soatdan 2030-yilda 120,8 teravatt-soatgacha oshishi kutilmoqda. Hukumat 2030-yilgacha mavjud 12,9 GVt quvvatga qo‘shimcha ravishda 17 gigavatt (GVt) miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarishni, xususan, 8 GVt quvvatga ega qayta tiklanadigan energiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

“Loyiha yetkazish va taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish, aqlli va moslashuvchan tizimlar quyosh va shamol kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarining o‘zgaruvchanligini yaxshiroq boshqarish imkonini berishini hisobga olsak, mamlakatda qayta tiklanuvchan energiyani tarmoqqa ko‘proq integratsiya qilish mumkin bo‘ladi”, — dedi OTBning Energetika bo‘yicha bosh mutaxassisi Sun Dak Kim.

Shuningdek, OTB loyihasi “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasining moliyaviy boshqaruv salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi. Bank $250 ming miqdoridagi texnik yordam grantini ham taqdim etadi.

Mablag‘lar HETda gender tamoyillarini joriy etishni institutsiyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash hamda HET va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik doirasida talaba qizlarni o‘qitish orqali xotin-qizlarni sohaga jalb qilishni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) qisman OTB tomonidan boshqariladigan 70 mln yevro (taxminan $75 mln) miqdorida qo‘shma moliyalashtirishni taqdim etadi.

Avvalroq OTB O‘zbekistonga $125 mln miqdorida qarz ajratishi ma’lum bo‘lgandi. Mablag‘lar elektr uzatish tarmog‘ini takomillashtirish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarining mamlakat energetika balansiga integratsiyalashuvini ta’minlashga yo‘naltiriladi.