Yaponiyaning “Hanwa” kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh panellarini o‘rnatmoqchi.

Kompaniya vakillari bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Yashil” va bilim iqtisodiyoti, innovatsion texnologiyalar joriy etilishini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar JCM mexanizmi doirasida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida joylashgan ikkita tibbiyot muassasasida quyosh panellarini o‘rnatish hamda isitish tizimida bioyoqilg‘idan foydalanishga o‘tkazish natijasida issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish loyihasini amalga oshirish muhokama qilindi.

“Joint Credit Mechanism” (Qo‘shma moliyalash mexanizmi) — 2022-yil ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan kelishuv bo‘lib, memorandum doirasida Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi “Hanwa” kompaniyasiga O‘zbekistonda muqobil energiya loyihalarini amalga oshirish uchun $200 ming subsidiya ajratilgan.

hanwa, quyosh panellari, quyosh elektr stansiyasi, muqobil energiya, energetika

Kompaniya tomonidan Yakkabog‘ tumanida joylashgan ikkita tibbiyot muassasasi uchun taklif etilayotgan loyihalarning texnik vazifalari, uning afzalliklari va kutilayotgan natijalar to‘g‘risida taqdimot qilindi.

Bundan tashqari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Oybek Xamrayev “Hanwa” hamda “Ernst & Young Shinnihon” kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.

Unda hamkorlar bilan muqobil energetika sohasida munosabatlarni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdi. O‘zbekistonda quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun kompaniyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.