Shavkat Mirziyoyev 22-sentabr kuni aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatda aholi salomatligini yaxshilash va hayot sifatini oshirishga qaratilgan ijtimoiy, hududiy dasturlar bajarilmoqda. Xususan, so‘nggi olti yilda ichimlik suvi sohasiga budjetdan 14,5 trln so‘m yoki oldingi davrga nisbatan 6 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan.

31 ming kilometr ichimlik suvi va oqova tarmoqlari o‘tkazilgan, 1200ta suv inshootida qurilish-ta'mirlash bo‘lgan. Bu ishlar natijasida 1000ta mahalladagi 6,5 mln aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi kirib bordi.

Lekin, hali 30ta tuman va 1 400ta mahallada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash talab etiladi. Ular uchun toza suv manbasini topish zarur.

Ko‘p hollarda suv behuda yo‘qotilayapti, iste’molning aniq hisobi yo‘q. Ayrim nasoslar, soha korxonalariga tegishli maxsus texnikalar eskirgan. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

“O‘zsuvta'minot"ga joriy yil yakunigacha 12 ming kilometr tarmoq hamda 1300ta suv inshootini qurish va ta’mirlash vazifasi qo‘yildi. Buning hisobiga 145ta mahalladagi 1,1 mln aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 2000ta mahalladagi ta’minot yaxshilanadi.

Viloyat hokimlariga xalq deputatlari bilan birga kelasi yil uchun dastur ishlab chiqib, hukumat qaroriga kiritish topshirildi. Bunda suv ta’minoti darajasi past 30ta tumanga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Qo‘shrabot tumanida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, Buxoro va Jizzax shaharlarida oqova suv, Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish kabi loyihalarning bajarilishi ko‘rib chiqildi.

Xususan, Buxoro shahrida tozalash va oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha $281 mlnlik loyihaning $75 mlni iqtisod qilingan. Bu mablag‘ evaziga yana 1150 kilometr suv va 117 kilometr oqova tarmoqlarini qurish mumkin.

Shu kabi loyihalarning xarajatlarini maqbullashtirish, iqtisod qilingan mablag‘larni o‘sha hududdagi suv ta’minoti va oqova tizimini yaxshilashga yo‘naltirish muhimligi aytildi.

Soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga yana 24ta loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Suv yetkazuvchi nasoslarni energiya tejamkoriga almashtirish, soha korxonalarini moliyaviy barqarorlashtirish choralari ham belgilandi.