Mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari oshirilmoqda. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 20-oktabrdan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50%ga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari to‘liq narxi 100%ga oshiriladi.

Kompaniya buni mamlakatda ish haqi miqdori, elektroenergiya va yoqilg‘i narxlarining, logistika va transport xarajatlarining sezilarli darajada oshganligi hamda yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, yangi poyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini saqlashni hisobga olgan holda amalga oshirilayotgani bilan izohlagan.

Yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari so‘nggi marta 2018-yilda mahalliy yo‘nalishlarda, 2019-yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdida qayta ko‘rib chiqilib, oxirgi 4−5 yil mobaynida tariflar o‘zgarishsiz qolib kelmoqda, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, kompaniya aholidan temir yo‘l sohasida olib borilayotgan islohotlarni “to‘g‘ri qabul qilish"ni so‘ramoqda.