Raqamli texnologiyalar vazirligi oktabr oyi oxirida “mobil qullik"kka barham berilishi haqida e’lon qiladi.

Bu haqda vazirlikning Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Yo‘ldoshev AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

Murodjon Yo‘ldoshev “mobil qullik” bekor qilinishi haqidagi savolga javob berar ekan, bu haqda “ICTWeek” haftaligida xabardor bo‘lish mumkinligini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun texnik yechim bir yil avval tayyorlangan bo‘lib, kelishuv jarayoni sabab u kechiktirilgan.

Joriy yilning 24−27-oktabr kunlari Toshkentda ICTWeek axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tadi.

“Mobil qullik"ni bekor qilish bir necha yillardan buyon rejalashtirilib kelinmoqda. 2019-yilda Axborot texnologiyalari vazirligi MNP (Mobile number portability) mobil operatorlar o‘rtasidagi raqobatni rag‘batlantirish va aloqa sifatini yaxshilashga yordam berishini ta’kidladi.

2018-yili raqamni ko‘chirish tartibi bayon qilingan loyiha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Keyin xizmatni pullik qilish, shuningdek, uni har 180 kunda bir marta cheklash taklif qilindi.

Operatsiya tafsilotlari telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahririga kiritilmagan — unda faqat abonentlarning operatorlar o‘rtasida almashish paytida o‘z telefon raqamlarini qoldirish huquqi ko‘rsatilgan.

Biroq, uni amalga oshirishga infratuzilma va jihozlarning yetishmasligi to‘sqinlik qildi. 2021-yilning noyabr oyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bu muammoni yaqin orada hal qilishga va’da bergandi.

2022-yilning oktabr oyida Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi rahbari Sherzod Shermatov “mobil qullik"ni bekor qilish bo‘yicha texnik yechim tayyor bo‘lgani, biroq raqamlarni ko‘chirishni yo‘lga qo‘yish xavfsizlik bilan bog‘liq ayrim muammolar tufayli to‘sqinlik qilgani haqida xabar bergandi.


Avvalroq O‘zbekistonda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirilish bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.