Avvalroq Senatda “Uzbekistan Airways” kompaniyasi kassalari orqali aviachipta sotib olishda fuqarolik pasporti talab qilinishi tanqid qilingandi.

Buni hal etish uchun tegishli hujjatga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha murojaat qilingan. Biroq, kompaniya “bu muammoni hal qilish imkonsiz” ekanini bildirib, Senat so‘rovini rad etgan.

“Uzbekistan Airways” bu bo‘yicha munosabat bildirib, amaldagi normativ hujjatlarda aviakassirlardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasi asosida aviachiptalarni rasmiylashtirishni talab qiluvchi bandlar mavjud emasligini qayd etdi.

“Uzbekistan Airways Sales” filialida yoki aviakompaniya agentlarida aviachipta sotuvi yo‘lovchilar pasportlarining asl nusxalari asosida ham, ularning nusxalari asosida ham amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, aviakompaniya sayti va mobil ilovasi orqali aviachiptalarni sotishni faol rivojlantirmoqda, bunda yo‘lovchilarning ma’lumotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviachipta rasmiylashtirayotgan shaxs tomonidan tizimga kiritilishi nazarda tutiladi.

Barcha belgilangan ma’lumotlar yo‘lovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatga qat’iy muvofiq ravishda bron qilish tizimiga xatosiz kiritilishi kerak. Ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun to‘lovni amalga oshirayotgan shaxs javobgar bo‘ladi, chunki ushbu shartga rioya qilmasdan aviachipta sotib olish imkonsiz hisoblanadi.

Yo‘lovchilarning belgilangan ma’lumotlari aviachiptalarni sotishda bron qilish tizimiga kiritilishi kerak. O‘zbekistonliklar uchun viza rejimi joriy etilgan xorijiy davlatlarga aviachiptalarni sotishda yo‘lovchiga hamda aviakompaniyaga jarima sanksiyalari qo‘llanmasligi uchun “Uzbekistan Airways Sales” filiali aviakassalarida va aviakompaniya agentlaridan belgilangan mamlakatning amaldagi vizasi bilan pasport talab qilinadi.

Chipta va pasport ma’lumotlaridagi har qanday noaniqliklar va nomuvofiqliklar jarimalarga yoki kirish uchun asos yo‘qligi sababli yo‘lovchini jo‘nash mamlakatiga qaytarib yuborishga olib kelishi mumkin.

Shu sabab, aviachiptalarni kassir tomonidan yoki onlayn rasmiylashtirishda mijozdan yo‘lovchining belgilangan ma’lumotlari va borish mamlakatining amaldagi vizalari to‘g‘ri kiritilishi muhim, deyiladi xabarda.

Shuningdek, yo‘lovchini qatnovga ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida yo‘lovchining belgilangan ma’lumotlari O‘zbekiston aeroportlari yer usti xizmat ko‘rsatish xizmatlarining ro‘yxatga olish agentlari tomonidan bevosita pasportning asl nusxasidan tizimga qayta kiritiladi.

Yuzaga kelgan savollar va tushunmovchiliklarni inobatga olgan holda, kompaniya O‘zbekistonda va xorijdagi agentlarga aviachiptalarni sotib olishda yo‘lovchilar yoki ularning yaqinlari tomonidan yo‘lovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qligi to‘g‘risida navbatdagi eslatma yuborilgan.


Avvalroq Toshkent aeroportidagi taksi xizmatiga beriladigan uchta joy qayta auksionga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.