Germaniya hukumati rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli villada avtomashinalar parkini musodara qildi, deya xabar bermoqda “Bild” gazetasi.

5-oktabr kuni ertalab bojxonachilar va Markaziy sanksiyalar xizmati Alisher Usmonovning Bavariyaning Rottax-Egern shahrida, Tegernsi ko‘li qirg‘og‘ida joylashgan villasiga reyd o‘tkazdi.

Natijada moddiy boyliklar, jumladan qimmatbaho avtomobillar, jumladan, “Mercedes Maybach S500” musodara qilingan.

Reyddan so‘ng nemis xavfsizlik kuchlari villadan tadbirkorning hibsga olingan mol-mulkini olib chiqgan.

O‘tgan yilning sentabr oyida Myunxen prokuraturasi tashqi savdo va to‘lovlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik, xususan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash gumonlari tufayli ushbu villada tintuv o‘tkazgan edi.

Avvvalroq Alisher Usmonov Germaniya sudiga da’vo arizasi kiritgani haqida xabar berilgandi.

Da’voga ko‘ra, milliarderning Dilbar yaxtasida tintuv o‘tkazilishi, uy-joy daxlsizligi huquqini buzadi va Usmonov buzganlikda ayblanayotgan qonun bandi konstitutsiyaga zid hisoblanadi.

Germaniyada Usmonov soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, pul yuvish va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzishda gumon qilinmoqda.

2022-yilning kuzida nemis politsiyasi egasini Usmonov deb hisoblagan villada ham tintuv o‘tkazdi. 2023-yil may oyida Frankfurt sudi milliarder bilan bog‘liq obyektlarda tintuv o‘tkazishni noqonuniy deb e’lon qildi.


Iyun oyida AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida Alisher Usmonovni qora ro‘yxatga kiritgandi.

Alisher Usmonov Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy harakatlar boshlanganidan bir necha kun o‘tib Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalariga uchragan.

Biroq, AQSh moliya vazirligi maxsus bosh litsenziyaga ega bo‘lgan rossiyalik milliarderning kompaniyalarini sanksiyalardan chiqarib tashladi.

Iyul oyida Usmonov “USM” kompaniyalarining bankrot bo‘lish xavfini keltirib, YeI sanksiyalariga sud orqali eʼtiroz bildirishga uringani maʼlum bo‘ldi.

Sentabr oyida Vengriya rasmiylari tadbirkorni sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlashni talab qilgan, biroq tez orada o‘z talabini qaytarib olgan.

Biroz vaqt o‘tgach, YeI milliarderning singlisi Saodat Nurzievaga nisbatan cheklovlarni olib tashladi.

Noyabr oyida OAVda O‘zbekiston hukumati Usmonovga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘rab Yevropa Ittifoqiga murojaat qilgani va unga huquqiy yordam taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Joriy yil yanvar oyida Alisher Usmonov pensiyaga chiqishi haqida xabar berilgandi. Milliarder sanksiyalarga qaramay, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishda davom etish niyatini bildirgan.