“Toshkent” xalqaro aeroporti estakadasi ostidagi sobiq “Jum” kafesini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

“Uzbekistan Airports” “Jum” nomi ostida faoliyat yuritib kelayotgan kafe egasi o‘zgarganini ma’lum qildi.

E-auksion.uz platformasidagi savdolar natijalariga ko‘ra, “Airpit Services” kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Yangi operator kafeni to‘liq ta’mirdan o‘tkazadi va “Terminal” deb nomlangan yangi ovqatlanish shoxobchasini ishga tushiradi.

Qayd etilishicha, ijarachi konseptual jihatdan yangi dizaynni ishlab chiqgan va taqdim etgan.

“Bu konsepsiya yo‘lovchilar uchun ham, aeroport xodimlari uchun ham qulay bo‘ladi. Yana shuni ta’kidlash kerakki, kafe aeroportdagi barcha savdo shoxobchalari kabi kechayu kunduz ishlaydi”, — deya izoh berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.


Avvalroq “Spot” Toshkent aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminali oldidagi maydon rekonstruksiya qilinayotgani haqida yozgandi.

Bunda uchta alohida yo‘lak ajratilib, aeroportning rasmiy taksilari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar hamda hududga 5 daqiqagacha kirishga ruxsat berilgan barcha avtomobillar uchun mavjud bo‘ladi.