Joriy yilning 4-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaning “SK Group” kompaniyasi raisi, Koreya Savdo-sanoat palatasi rahbari Che Txe Von boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlat rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Uchrashuvda “SK Group” kompaniyasi bilan yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish, xususan, Toshkent viloyatida mis folga ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi istiqbolli loyihalarga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, yarimo‘tkazgichlar sanoatida muhandislik kadrlarini tayyorlash va ilmiy izlanishlar o‘tkazish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Koreya Savdo-sanoat palatasi mazkur mamlakat kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilishda faol ishtirok etishi muhimligi qayd etildi.

Janubiy Koreyaning O‘zbekistonga yo‘naltirgan investitsiyalari hajmi $7 mlrddan oshdi, mamlakatda qariyb 1000ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Koreyaning “Sangwon” kompaniyasi O‘zbekistonda $15 mlnlik investitsiya loyihasini amalga oshiradi. Loyiha junni qayta ishlash zavodini qurish hamda Koreya avtosanoati uchun qo‘y terisidan ishlab chiqarilgan tayyor charm yetkazib berishni o‘z ichiga oladi.

SHuningdek, mamlakatning “TG Holding” kompaniyasi ham Koreya brendlarining poyabzal, kiyim-kechak va attorlik buyumlar, sun’iy charm tayyorlash korxonalarini tashkil etish maqsadida $150 mln sarmoya kiritadi.