Avgust oyida O‘zbekiston oltin sotib olish bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlarida keltirilgan.

Unga ko‘ra, yozning so‘nggi oyida O‘zbekiston Markaziy banki 9 tonna qimmatbaho metal sotib olgan.

Birinchi o‘rinda Xitoy turibdi. Mamlakat avgustda 29 tonna oltin sotib olgan. Kuchli uchlikni Polsha va Turkiya egalladi hamda mamlakatlar mos ravishda 18 va 15 tonna oltin xarid qilishgan.

Qimmatbaho metalning eng yirik xaridorlari ro‘yxatida Rossiya, Hindiston, Chexiya, Singapur va Qirg‘iziston ham bor.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida O‘zbekiston xorijga oltin sotishni to‘xtatgan.

Yil boshidan buyon qimmatbaho metallar eksportidan $5,63 mlrd daromad keltirildi va bu o‘tgan yildagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘p.

Joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari qariyb $1 mlrdga kamayib, $32,6 mlrdni tashkil etgandi.