Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab berdi. Prezident qarorlari Lex.uz ma’lumotlar bazasida e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi loyihaga sarmoya kiritadi. U 1500 MVt quvvatga ega shamol stansiyasidan tashqari 300 MVt quvvatli elektr energiyasini saqlash tizimlari, 500 kV podstansiya va havo elektr uzatish liniyalarini o‘z ichiga oladi.

Ushbu loyihalar bo‘yicha pudratchilar “ACWA Power” kompaniyasining uchta sho‘ba korxonasi bo‘ladi — “Kungrad Wind 1”, “Kungrad Wind 2” va “Kungrad Wind 3”. Ularning har biri 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 100 MVt quvvatga ega akkumulator tizimining operatori sifatida ishlaydi.

Qarorlarda ta’kidlanganidek, “Kungrad Wind 1” bo‘lajak shamol elektr stansiyasi va unga tutash infratuzilmani qurish uchun $1,067 mlrd mablag‘ jalb qilingan, yana ikkita pudratchidan har biri loyiha uchun $667 mlndan olgan.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” 2022-yilning dekabr oyida imzolangan shartnomaga ko‘ra, 25 yil davomida elektr energiyasini sotib olishni kafolatlaydi. Tarif xorijiy valyutada qat’iy belgilangan kurs bo‘yicha belgilanadi, to‘lov esa milliy valyutada amalga oshiriladi.

Davlat rahbari har uchala kompaniya bilan investitsiya shartnomalarini va ularning “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” bilan shartnomalarini tasdiqladi.

Ularga xorijiy hisobvaraqlar ochish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy pudratchilar, yetkazib beruvchilar va kreditorlarga to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat berildi.

Shamol elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha dastlabki kelishuvga 2021-yil bahorida erishilgan edi. Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi 2024-yilda boshlanishi kutilmoqda va 2026-yil oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistondagi “ACWA” boshqa loyihalarda, xususan, kompaniya Qoraqalpog‘istonda yana 100 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurmoqda va Buxoro viloyatida 500 MVt quvvatga ega ikkita shamol elektr stansiyasini yaratishda ishtirok etmoqda.

Shuningdek, ikkita fotoelektr stansiyasini, shu bilan birga, energiya saqlash majmualarini yaratish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Bundan tashqari, “ACWA” Sirdaryo viloyatidagi issiqlik elektr stansiyalari qurilishiga, shuningdek, Chirchiqda “yashil” vodorod ishlab chiqarishga sarmoya kiritmoqda.


Avvalroq “Spot” “ACWA” Buxoro viloyatida birinchi yirik quvvatli shamol turbinasi o‘rnatgani haqida yozgandi.