Aholi va tadbirkorlarning Yagona portaldagi raqamli xizmatlar va servislardan qoniqish darajasi reytingi shakllantiriladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar sohasida nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Ermat Ashirbayev ma’lum qildi.
Joriy yil yakunigacha “Raqamli nazorat” axborot tizimi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Tizim orqali axborot tizimlaridan foydalanish samaradorligi monitoring qilib boriladi.
Uzilish yoki to‘xtalish bo‘lsa, avtomatik ravishda xabar berilishi va bartaraf etilishi nazoratga olinadi. Shuningdek, axborot tizimlarining axborot xavfsizlik talablariga javob berishi nazorat qilib boriladi.
Davlat organlari va tashkilotlarning aloqa markazlari (ishonch telefonlari, Call-markazlar, dispetcherlik aloqa) xizmatlarining bog‘lanish va samarali texnik faoliyat ko‘rsatish kabi sifat ko‘rsatkichlarini baholash yo‘lga qo‘yiladi.
Kuz-qish mavsumida telekommunikatsiya tarmoqlarining barqaror ishlashi hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va uzluksizligi nazorat qilib boriladi.
Aholi yashash joylari yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘i bilan qamrov darajasi 85%ga hamda mamlakat bo‘ylab qurilgan optik tolali aloqa tarmog‘ining uzunligi 172 ming kilometrga yetkazilishi ham nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, “O‘zkomnazorat” inspeksiyasida ish va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, nazorat va monitoring tizimini takomillashtirish maqsadida 3ta axborot tizimi va 1ta mobil ilova ishlab chiqilmoqda, yil yakunigacha ularni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Mamlakatda BMTning elektron hukumat reytingida TOP-30talikka kirish vazifasi qo‘yilgan.
Sentabr oyida tashkilotning mazkur hisobotida O‘zbekiston reytingini yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, kelasi yilning 1-iyunidan qoida tarzida yangi raqamli xizmatlar va servislar birinchi navbatda Yagona portalning mobil ilovasida joriy etiladi.