Shavkat Mirziyoyev Singapurning “Indorama Corporation” kompaniyasi asoschisi va raisi Shri Prakash Loxiya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining kimyo, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilib kelinayotgan kompaniya bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Indorama Corporation” tomonidan mamlakatda paxta tolasini yetishtirish va chuqur qayta ishlashga qaratilgan investitsiya loyihalari amalga oshirilgan. Qo‘qon superfosfat zavodi modernizatsiya qilinmoqda.

Yil boshida kompaniya bilan to‘qimachilik va kimyo sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi strategik hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangandi.

Davlat rahbari sigapurlik investorning O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Xususan, kompaniya “Farg‘onaazot” quvvatlarini kengaytirish, tarmoq korxonalarini xususiylashtirish, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida kompaniyaning mamlakatga yo‘naltirgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari umumiy hajmi hozirgi $600 mlndan $850 mlngacha oshadi.

Uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlikning muhim loyihalarini ilgari surish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Avvalroq Xitoyning Tianjin fan va texnologiyalar universitetining yuqori texnologik innovatsion texnoparki Sirdaryoda biotexnologik mahsulotlar texnoparkini tashkil etishga $50 mln yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi.