Xitoy texnoparki bilan Sirdaryoda biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnopark tashkil etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev Tianjin fan va texnologiyalar universitetining yuqori texnologik innovatsion texnoparki direktori Bovi Chjan bilan uchrashdi.

Unda Yangiyer EIZ hududida biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnopark barpo etish masalasi muhokama qilindi.

Loyiha qiymati $50 mlnni tashkil etib, umumiy 10 gektar maydonda qurilishi belgilanmoqda. Unda yirik shohli qoramol suyaklaridan suyak oqsili, shirinmiya o‘simligidan shakar o‘rnini bosuvchi biomahsulotlar, vitaminlar, antioksidantlar olish joriy etiladi.

Shuningdek, Xitoy texnologiyasi asosida bug‘doy, soya, makkajo‘xori va dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash hisobiga ferment mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, texnopark qoshida logistika va bojxona markazini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Loyiha ishga tushishi natijasida 500ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Viloyat rahbari investorlarning innovatsion texnologiyalar va ilmiy yutuqlarni sanoat tarmoqlariga joriy etish borasidagi takliflarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Bovi Chjan texnoparkda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan mahsulotlar, Toshkent kimyo texnologiyalar instituti Yangiyer filiali bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ilmiy-tadqiqot markazi va ilmiy laboratoriya xususida to‘xtalib o‘tdi.

Yakunda qo‘shma ishchi guruhlar tuzish va loyihani amalga oshirish davomida yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha doimiy muzokaralar olib borishga kelishildi.

Avvalroq yil oxirigacha Chirchiq texnoparkida 10ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilishi ma’lum qilingandi. Jami $255 mlnlik investitsiya hajmiga ega 34ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Ularning ayrimlari loyihalashtirish va qurilish-montaj jarayonida.

Bundan tashqari, Navoiy va Buxoro viloyatlarida Rossiya ishtirokida texnoparklarini ochish rejalashtirilgan.