O‘zbekiston investorlarni faol qabul qilmoqda. So‘nggi besh yil ichida biznes hamjamiyati ko‘plab yangi nomlarga, yirik xalqaro brendlarga va yuqori darajadagi bozorga kirishga ega bo‘ldi. Ba’zilari kutilgan va rejalashtirilgan edi, biroq bir qancha debyutlar O‘zbekiston biznes muhiti kontekstidan tashqarida ro‘y berdi.

Ulardan biri, Ukrainaning “Uklon” taksi xizmatining O‘zbekistonga kirishi bo‘ldi. O‘z vatanida bozor yetakchisi sanalgan kompaniya joriy yilda gigantlar bilan raqobatlashish chaqirig‘ini olgan holda Ozarbayjon va O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

“Uklon” rahbarlari — servis hammuassisi Sergey Smus va O‘zbekistondagi bosh direktor Dinara Abdijaparova bu qarorlar qanday qabul qilingani, O‘zbekistondagi qiyinchiliklar, kutilmalar qanday bo‘lgani hamda Ukrainadagi harbiy harakatlar sharoitida kompaniya qanday ishlayotgani haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.


taksi, taksi xizmati, uklon

Sergey Smus,

“Uklon” hammuassisi.

“Uklon” Ukrainada 2010-yilning 25-martida ishga tushirilgan. Mahalliy bozorda yirik o‘yinchilar bilan raqobatlashib, jiddiy raqobatda yetakchilik mavqeimizni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganmiz.

Xususan, asosiy raqobatchilarimizdan biri “Uber” edi. Biroq, kompaniya 2019-yili IPO‘ga chiqqach va keyingi global COVID-19 epidemiyasidan so‘ng, Ukrainadagi investitsiyalarini to‘xtatdi.

Shu tariqa, vatanimizda servis va xizmatlar sifati, yaxshi mahsulot va keng tushuncha, eng muhimi, bozorga bo‘lgan qiziqish sabab yetakchiga aylandik. Bu bizning uyimiz va biz bu yerda qanday yashashni hamda unga qanday g‘amxo‘rlik qilishni yaxshi bilamiz.

Albatta, urush zarar keltirdi, buni raqamlar bilan keltirish juda qiyin. 2022-yilning mart va aprel oylari orasida deyarli nolga tushishni boshladik. Ya’ni vaziyat keskin edi. Yaxshiyamki, tezda o‘zimizni tiklash yo‘liga tusha oldik. O‘sha yilning kuziga borib, ijobiy o‘sish va urushdan oldingi darajamizni tiklash shijoatiga qaytdik. Biroq, raqamlar butun boshli kartinani ko‘rsatmaydi.

Urush — biznes raqamlari emas, balki odamlar haqida. To‘liq kartina bunday: “Uklon"dagi yuzlab odamlar urushdan qochishga majbur bo‘lishdi — kimdir istilo qilingan shaharlardan, yana kimdir Ukrainaning barcha mintaqalaridagi raketa va dronlardan. Biz, hammamiz bu urushda nimanidir — yaqinlarimiz, tanishlarimiz, hatto psixologik salomatligimizni yo‘qotishimizga to‘g‘ri keldi. Bu zarar har qanday biznes jarayonlariga qaraganda ancha kuchli. Hozir bunga ko‘nikib qolganmiz.

Yangi bozorlarga chiqish biz uchun inqirozga qarshi chora emas, balki reja edi. 2021-yildayoq kengayishni rejalashtirgandik va sinov tarzida Moldova bozoriga kirdik. Biroq, urushning uchinchi oyida mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldik, sababi u yerda biznesni boshqargan hamkor bilan qiyin vaziyat yuzaga kelgandi. Keyingi rejalar orasida Boku va Toshkent ham bor edi.

taksi, taksi xizmati, uklon

Biz Ozarbayjon va O‘zbekistonga kirishga qaror qildik, chunki u yerda operatsion ishlarni ancha tez va sifatli boshlashimiz mumkinligini angladik: madaniyatini tushunamiz, mintaqani iqtisodiy nuqtayi nazardan bilamiz. Bu yerda biznes yuritish uchun shart-sharoitlar mavjud va davlat darajasida investorlar hamda yosh IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash istagi borligini ko‘rishimiz mumkin. Agar O‘zbekiston haqida alohida gapiradigan bo‘lsak, bizni IT-kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar ham o‘ziga tortdi, biz “IT Park” rezidentimiz.

Umuman, biz kengayish uchun turli bozorlar va yo‘nalishlarni ko‘rib chiqdik (va hozir ham ko‘rib chiqyapmiz). Bizda 20ga yaqin davlatdan iborat long-list bor. Undan keyin 2−3 davlatni o‘z ichiga olgan short-list tuzib chiqamiz. Ayni paytda Markaziy Osiyo bozori, Yevropa davlatlari kabi turli variantlarni ko‘rib chiqyapmiz.

Shu bilan birga, Ukrainada birinchilardan bo‘lib bozorda ish boshlagan bo‘lsak, mos ravishda, bizda eksperiment va “tebranish” uchun ko‘p vaqtimiz bor edi, Ozarbayjon va O‘zbekistonda esa biz darhol o‘zining raqobatchilari, o‘yin qoidalari va xatti-harakatlariga ega juda ham katta va faol bo‘lgan bozorlarga duch keldik.

Bunday sharoitda sizda uzoq vaqt davomida biror gipotezani sinab ko‘rishga vaqt bo‘lmaydi — barchasini hozir va shu yerning o‘zida hal qilishingiz kerak.

Biz haydovchilar bilan ishlashda ba’zi yondashuvlarni o‘zgartirdik. Masalan, O‘zbekistonda birinchilardan haydovchilarga ish haqi to‘lash modelini sinovdan o‘tkazdik va bu juda ham samarali bo‘ldi. Umuman olganda, bu bozorda standart amaliyot bo‘lishiga qaramay, buni birinchi marta sinab ko‘ryapmiz.

Ozarbayjonda ishni kuchli mahalliy o‘yinchi — “Umico” bilan hamkorlikda boshladik, shuning uchun boshidanoq u yerda bizga ancha oson bo‘lishini bilganmiz.

Kompaniyaning yangi bozorlardagi yutuqlari u kirgandan ikki-uch yil o‘tgach baholanadi. Hozir kengayish natijalarining to‘liq kartinasini ko‘rsatuvchi formulani hali ham qidirmoqdamiz. Har kuni o‘nlab nyuanslar va yangi qiyinchiliklarga duch kelamiz, shu sababdan biz uchun aniq qaysi raqamlar muhimligini aytish qiyin.

Xizmatning O‘zbekistonda ishga tushirilishi kiyevlik jamoa tomonidan amalga oshirildi. Undan keyin mahalliy yigitlarni jalb qildik, biz bundan judayam faxrlanamiz. Hozirda kompaniyada — bosh ofisda, Toshkent va Bokuda jami 700ga yaqin kishi mehnat qilmoqda.

“Uklon” jamoasi o‘sib bormoqda — urush boshlanishidan oldin bizda taxminan 450 kishi bor edi. Xodimlarimiz — eng qimmatli resursimiz. Biz odamlarni o‘z ishlarida imkon qadar erkin va samarali his qilishlari uchun hamma narsani qilmoqdamiz.

Lekin, shu bilan birga, ularning qadriyatlarimiz, qarashlarimiz va g‘oyalarimizga mos kelishi biz uchun juda muhim. Umuman olganda, “soft-skill"lar ba’zi hollarda “hard” ko‘nikmalardan ham muhimroq bo‘lishi mumkin.

Biroq, IT-kompaniyasi sifatida mahsulotlarimiz texnologik jihatdan ilg‘or, zamonaviy va bozorda eng yaxshilaridan biri bo‘lib qolishi uchun yaxshilardan yaxshisini jalb qilish maqsadida kurashyapmiz.

taksi, taksi xizmati, uklon


taksi, taksi xizmati, uklon

Dinara Abdijaparova,

“Uklon” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori.

Xizmatni O‘zbekistonda ishga tushirish juda qisqa vaqt ichida amalga oshirildi: yo‘lga qo‘yish haqidagi qarordan MVPgacha bir necha oy ketdi. Shu vaqt ichida mamlakatga bir necha million dollar sarmoya kiritildi.

Hozirdagi eng katta muammo — bu haydovchilarni jalb qilish. Ularni yollash va o‘qitishga, shuningdek, yo‘lovchilar va haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida motivatsion dasturlarga ko‘p mablag‘ yo‘naltiryapmiz.

Bugungi kunga kelib, ilovada 6 mingdan ortiq haydovchi ro‘yxatdan o‘tgan — hammasi ham faol emas, bu borada ish olib boryapmiz. Masalan, Ozarbayjonda ko‘rsatkichlar bir necha barobar yaxshi. Shunga qaramay, buyurtmalar soniga nisbatan sayohatlar soni rejalashtirilgan ko‘rsatkichlarimizga yetdi.

Biz raqobatchilarimizni tushunamiz va bozorga chiqishni rejalashtirayotganimizda ularning barcha xususiyatlarini hisobga olganmiz. Toshkentda juda kuchli o‘yinchilar bor va ular, umuman olganda, birinchi bo‘lib aholini taksiga onlayn buyurtma berishga o‘rgatishgan. Tarixan, odamlarga juda ko‘p turli xizmatlar va turli variantdagi taksilar mavjudligini ko‘rsatish uchun vaqt kerak bo‘ladi.

Qolaversa, biz nisbatan xotirjamlik bilan — raqobatbardosh provokatsiyalarsiz, narxlar dempingisiz kirib keldik. Biz bir maromda, lekin to‘g‘ri va keskin sakrashlarsiz ketyapmiz, eng muhimi, xavfsizlik va xizmat sifati — bizning qadriyatlarimiz hisoblanadi.

Natijada biz bozorning 10%ini egallashni xohlaymiz. Bu borada bizda illyuziya yo‘q, buning uchun sarmoya kiritishga va ishlashga tayyormiz. Haydovchilar va mijozlar uchun sodiqlik dasturini faol ravishda qo‘shib, xizmatni yaxshilash ustida har kuni ish olib boryapmiz.

Aytgancha, xizmat ko‘rsatish nuqtai nazaridan mutaxassis haydovchilarni tayyorlashni o‘z zimmamizga olmoqchimiz — haydovchi bizga kelib, ko‘proq pul ishlashni o‘rganishi uchun ichki taksi maktabini ishga tushirishni rejalashtiryapmiz. Haydovchilar choychaqa potensiali va foydalanuvchilarning qaytishini juda kam baholaydi, deb hisoblayman.

Boshqa servislardagi haydovchilarni og‘dirib olmayapmiz. Biz korporativ josuslik yoki hanting bilan shug‘ullanmaymiz va hech qachon shug‘ullanmaganmiz ham. Toshkentda sarafan radiosi juda rivojlangan, haydovchilarning o‘zlari biz haqimizda ma’lumot yuborishadi.

Kelgusida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va navigatsiya bo‘yicha ishlarni yaxshilashni rejalashtiryapmiz. Masalan, jamoada o‘zimizning kartograflarimiz bor — o‘z xaritalarimizni o‘zimiz qilamiz. Tez orada korporativ taksi xizmatini ishga tushiramiz. Shuningdek, yetkazib berish xizmatini ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz.