Joriy yilning olti oyida Sirdaryodagi suv ta’minoti korxonalari 36,4 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lumot berdi.

Viloyatda 1 metr kub ichimlik suvi narxi tannarxiga nisbatan 1,9 barobarga arzon. Bunda, suv narxi 1250 so‘m, ishlab chiqarish tannarxi esa 2374 so‘mni tashkil etadi.

2021-yilning yanvar oyidan buyon tariflar oshirilmagani va xarajatlar karrasiga oshib ketgani sabab, suv ta’minoti korxonalari 2022-yilda 38,2 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

2023-yilning yanvar-iyun oylarida bu ko‘rsatkich 36,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, Guliston shahar hokimi To‘lqinjon Dadaboyev suvdan qarzdorlik mavjud bo‘lsa vaqtida to‘lashni so‘rab, shahar aholisiga murojaat yo‘llagandi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda viloyat markazida jismoniy va yuridik shaxslarning ichimlik suvidan mavjud qarzdorligi 18 mlrd so‘mni tashkil qiladi.


Avvalroq “Toshkent shahar suv ta’minoti” poytaxtda ichimlik hamda oqova suv xizmatlari narxi oshishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

Xususan, aholi uchun bir metr kub suv narxi 1400 so‘m, oqova suv narxi esa 1000 so‘m, yuridik tashkilotlar uchun ichimlik suvi narxi 3000 so‘m, oqava suv narxi esa 2200 so‘m etib belgilanishi mumkin.