Germaniyaning “Berkemann” kompaniyasi O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istagida. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, “UzCharmExpo Eurasia-2023” ko‘rgazmasi doirasida uyushma raisi Faxriddin Boboyev va Germaniya kompaniyasining boshqaruvchi direktori Tomas Bauerfeynd bilan uchrashdi.

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistonda brend poyabzal ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining tafsilotlarini muhokama qilishdi.

Nemis kompaniyasi rahbarining qayd etishicha, pandemiyadan oldin kompaniyaning 25ga yaqin davlatda ishlab chiqarish quvvatlari bo‘lgan. Ayni paytda kompaniya o‘z mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etishni maqsad qilgan.

Birinchi bosqichda korxona mamlakatda poyabzal blankalari ishlab chiqarishni o‘zlashtirib, keyinchalik tayyor poyabzal ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya maqsadi iloji boricha ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan va hozirda Germaniya tomoni O‘zbekistondan hamkor izlamoqda.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi kompaniyaga loyihaning barcha bosqichlarida yordam bermoqchi. Tomonlar ikki oy ichida nemis ishlab chiqaruvchisining O‘zbekistonga navbatdagi biznes missiyasini tashkil etishga kelishib oldi.

Berkemann” kompaniyasi 1885-yilda Gamburgda tashkil etilgan va 21-asrda yana ikkita nemis brendi — “Solidus” va “MARC Shoes"ni sotib olgan. Kompaniya premium kundalik, sport va ortopedik poyabzallarni ishlab chiqaradi.


Avvalroq Germaniyaning “Rhenus” kompaniyasi O‘zbekistonda yuk tashish sohasini rivojlantirishga yordam berishi ma’lum qilingandi. Kompaniya ishtirokidagi qo‘shma korxona Andijon va Samarqanddagi avtomobil-temir yo‘l yuk terminallarini boshqaradi va kengaytiradi.