“Humo” to‘lov tizimi terminallarida to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatilmoqda.

Milliy banklararo protsessing markazi yuzaga kelgan holat bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini hamda yaqin orada barcha nosozliklar bartaraf etilishini ma’lum qildi.

Qayd etilishcha, mobil ilovalar va HUMO bankomatlari odatiy tartibda ishlamoqda.

Yuqoridagi vaziyat to‘lov tizimi bilan kuzatilayotgan birinchi holat emas. Oktabr oyi boshida tizim kartalaridan to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda cheklovlar yuzaga keldi.

MBPM buni “SMS-xabarnoma” xizmatida yuzaga kelgan muammolar sabab kuzatilayotgani bilan izohladi. Undan keyin, barcha nosozliklar bartaraf etilgani hamda mobil ilovalardagi to‘lovlar va o‘tkazmalar odatiy ravishda ishlayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida “Humo” to‘lov tizimi bir necha kundan buyon ishlamayotganini ro‘kach qilib, xaridorlardan karta qabul qilmaslik holatlari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirib, kompaniya regulyatorni vaziyatdan xabardor qilib, hodisa sabablarini aniqlash uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganligi qayd etilgandi.

Regulyator vaziyatni barqarorlashtirish uchun zarur choralarni ko‘rish, karta egalari mablag‘laridan uzluksiz foydalanishini ta’minlash uchun “Humo” terminallari va bankomatlar ishlashiga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar bergan.

Iyul oyida “Humo” va “Uzcard” to‘lov tashkilotlarining integratsiyalashuvi yakunlanib, barcha tijorat banklarining bankomatlari ikkala to‘lov tizimining ham kartalarini qabul qilishlari uchun birlashtirildi.