“Uzbekistan Airways” kompaniyasi keksa yoshdagi yo‘lovchilar uchun 25% chegirma e’lon qildi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Chegirma turizm oyligi munosabati bilan taqdim etilib, 1-noyabrdan 30-noyabrgacha ichki aviaqatnovlarning ekonom-klassi uchun (K-klass va undan yuqori) amal qiladi.

Undan 60 yoshdan oshgan erkaklar va 55 yoshdan katta ayollar foydalanishlari mumkin.

Aviachiptalarni “Uzbekistan Airways Sales” filiali hamda aviakompaniyaning O‘zbekistondagi agentlaridan xarid qilish mumkin.

Qayd etilishicha, aviachipta sotib olishda yo‘lovchilar yonida pasport yoki ID karta bo‘lishi kerak.


Avvalroq Senatda “Uzbekistan Airways” kompaniyasi kassalari orqali aviachipta sotib olishda fuqarolik pasporti talab qilinishi tanqid qilingandi.

“Uzbekistan Airways” bu bo‘yicha munosabat bildirib, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasi asosida aviachiptalarni rasmiylashtirishni talab qiluvchi bandlar mavjud emasligini qayd etdi.