Joriy yilning avgust oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “O‘ztemiryo‘lkonteyner” ustav kapitalidagi 35% davlat ulushini xususiylashtirishga konsultantlarni jalb qilish bo‘yicha tanlov boshlagandi.

Sentabrga kelib, tanlov jarayonida 7ta mahalliy va xalqaro professional konsalting kompaniyalardan takliflar qabul qilinib, saralangan. Shundan so‘ng, aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlanganligi e’lon qilindi.

16-oktabr kuni agentlik “O‘ztemiryo‘lkonteyner” ustav kapitalidagi 35% davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlari to‘xtatilganligini ma’lum qildi.

Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tizimidagi korxonalarni isloh qilinish bo‘yicha prezidentning tegishli qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyadorlik jamiyati “Temiryo‘lkargo” AJ sifatida qayta tashkil etilmoqda. Shu sabab, agentlik uning xususiylashtirish jarayonini to‘xtatdi.

Sotuv jarayoni bo‘yicha avvalgi chop etilgan e’lonlarda Davaktiv agentligi va uning maslahatchisi sotish jarayonining muddatiga o‘zgartirish kiritish hamda to‘xtatish huquqini o‘zida saqlab qolishi qayd etilgan xabarda.

Prezident qarorida “O‘ztemiryo‘lkonteyner” (“Temiryo‘lkargo”) yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xo‘jaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yo‘lga qo‘yish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish bilan shug‘ullanishi keltirilgan.

Joriy yilning mart oyida qabul qilingan prezident qarori bilan, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” korxonaning aksiya paketlari ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotilishi belgilangan.

Shuningdek, korxona aksiya paketlari “bitta aksiya — bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40 ta korxonalar ro‘yxatida bor.