Talabalar uchun shartnoma to‘lovlarini Yagona portali orqali onlayn to‘lash imkoniyati yaratildi.

Buning uchun portalga kirgach, “To‘lovlar” bo‘limidan “OTM shartnoma to‘lovi” tanlash kerak.

Undan keyin ekranda JSHSHIR raqami hamda to‘lov summasini kiritish so‘raladi, ularni kiritib to‘lovni amalga oshirish mumkin.

Bunda shartnoma bo‘yicha qarzdorlikni ko‘rish mumkin bo‘ladi. Yagona portal orqali shartnoma pulini to‘lashda komissiya (0%) undirilmaydi.

Yagona portal orqali OTM talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va magistraturaga kirish arizalarini qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.

Avgust oyida yotoqxona uchun onlayn ariza jo‘natish imkoniyati yaratildi. Xizmatdan 2023−2024 o‘quv yilida qabul qilingan 1-bosqich talabalari foydalanishi mumkin bo‘ldi. Barcha bosqich talabalari uchun esa 2024−2025 o‘quv yilidan ishga tushiriladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda sinov tarzida talabalar uchun universal bank kartalari joriy etiladi. Talabalar undan guvohnoma sifatida foydalanishlari mumkin.

Bank kartalari orqali yotoqxonalar, kutubxonalarga kirish, onlayn mikroqarzlarni rasmiylashtirish, xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilish kabi imkoniyatlar beriladi.