“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Andijon viloyatidagi “zapravka"da siqilgan gaz qimmat narxda sotilayotgani aniqlandi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyatning Jalaquduq tumanidagi “Mezon avto oyl” MChJga qarashli AGTKShda 1 metr kub siqilgan gazni 3600 so‘mdan sotilayotgani iste’molchilar tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Holatga aniqlik kiritish maqsadida inspeksiyaning hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi. Unga ko‘ra, hukumatning tegishli qarori talablari yuzasidan ogohlantiish berilishiga qaramasdan, mazkur shaxobcha 1 metr kub siqilgan gazni 3600 so‘mdan sotayotgani aniqlandi.

Qoidabuzarlik yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, shaxobcha gaz tarmog‘idan ajratildi hamda uning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Joriy yilning 20-oktabridan “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi “UNG Petro” MChJga qarashli AYoQShlarda AI-100 markali avtobenzin sotuvi boshlandi.

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” ijtimoiy tarmoqlarda 1-noyabrdan AI-80 benzini narxining oshishi haqidagi xabarlarni rad etgandi. Kompaniyaga tegishli AYoQShlarda narxlar eski belgilangan tartibda amalga oshirilishi ta’kidlangandi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi avgust oyida AI-80 benzinini xarid qilishning kunlik limitini 5 tonna miqdorida belgilagandi.

Biroq, 17-oktabr kelib, qo‘mita limitni ikki barobar, ya’ni 10 tonnaga oshirdi va buni import narxlarining ichki bozorga ta’sirini yumshatish bilan izohladi. “Spot” bozor ishtirokchilarining AI-80 benzinini xarid qilish bo‘yicha kunlik limitni 10 tonnadan 4 tonnagacha kamaytirishni so‘ragan xatini e’lon qildi.

Undan keyin har kuni tovar birjasida savdo qiluvchi uch xil broker bilan suhbatda, yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillarining 10 tonnaga belgilangan benzin sotib olish chegarasi xaridorlar sonini sezilarli darajada cheklagani haqidagi so‘zlari tasdiqlandi.