AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) O‘zbekistonga bir qancha yo‘nalishlardagi loyihalar uchun $14,2 mln ajratadi, deya xabar berdi Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi.

Mablag‘lar iqtisodiyotni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Shunday qilib, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini, xususan, turizm, IT va “yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun $3,5 mln ajratiladi. Loyiha, shuningdek, mahalliy kompaniyalarga elektron tijoratda ishtirok etish uchun texnologiyalarni joriy etishda yordam beradi.

Dastur ish o‘rinlari yaratish, kapitalni jalb qilish va kichik va o‘rta biznes uchun eksport bozorlarini ochishga yordam berishi kerak. Inklyuzivlikka alohida e’tibor qaratgan holda, “USAID” ayollar va nogironlarning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishlaridagi to‘siqlarni bartaraf etadi.

Agentlik mahalliy hokimiyat organlarini qo‘llab-quvvatlash dasturiga yana $3,5 mln ajratadi. Uning doirasida tuman, shahar va viloyat hokimliklarining mas’uliyati va samaradorligini oshirishga davlat organlari, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatini jalb etish ko‘zda tutilgan.

Tashabbus mahalliy byudjetlar shaffofligini, mansabdor shaxslarning malakasini oshirish, fuqarolarga ularning faoliyatini nazorat qilish va baholash imkoniyatini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. “USAID” shuningdek, ma’muriy markazsizlashtirishga qaratilgan qonunchilikni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, COVID-19 tajribasidan kelib chiqqan holda epidemiyaga qarshi kurash tizimlarini takomillashtirish uchun $4 mln ajratiladi. Bunga laboratoriyalarni yangilash, epidemiyaga qarshi tayyorgarlikni oshirish va aholiga tushuntirish ishlarini olib borish kiradi.

“USAID”, shuningdek, $3,2 mlnga silga qarshi kurash bo‘yicha “TB Free Uzbekistan” dasturini ishga tushiradi. Profilaktika, diagnostika va davolash bilan bir qatorda bemorlarni destigmatizatsiya qilish va sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni yaxshilash bo‘yicha ishlar olib boriladi.


Avvalroq “Spot” “USAID” O‘zbekistonda IT va kommunikatsiya sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashishi haqida yozgandi.