“Qanot Sharq” aviakompaniyasi Toshkent-Madrid-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “Aviacionline” “Diio Mi” ilovasi ma’lumotlariga tayanib.

Qayd etilishicha, parvozlar 2024-yil 9-martdan — yangi yozgi aeronavigatsiya mavsumi boshlanishidan oldin boshlanadi,

O‘zbekiston va Ispaniya poytaxtlari o‘rtasidagi havo qatnovi 202 yo‘lovchiga mo‘ljallangan Airbus A321neo samolyotida amalga oshiriladi.

Parvozlar har hafta — shanba kunlari amalga oshiriladi. Jadval:

  • Toshkentdan uchish — 13:45, Madridga kelish — 18:15;
  • Madriddan uchish 19:35, Toshkentga yetib kelish 6:55.

Aviachipta narxi bir tomonlama tariflar uchun $380dan boshlanadi (24 oktabr holatiga ko‘ra).

“Qanot Sharq” o‘zini O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniya sifatida ta’kidlaydi. Aviakompaniya 1998-yilda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 2003−2012-yillarda “Uzbekistan Airways"dan IL-76 samolyotlarini ijaraga olgan holda charter reyslarini amalga oshirgan.

Barcha IL-76 samolyotlarini Mudofaa vazirligiga o‘tkazilganidan so‘ng, kompaniyaning havo operatori sertifikati to‘xtatildi. Prezident fuqarolik aviatsiyasi to‘g'risidagi farmonni imzolagandan so‘ng, kompaniya asoschilari uni mahalliy aviakompaniya maqomida tiklashga qaror qilishdi.

“Qanot Sharq” aviakompaniyasi 2021-yil sentabr oyidan parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.

2022-yil 21-iyuldan boshlab “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Sankt-Peterburg-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlarni boshlagandi.

Avgust oyida esa aviakompaniya ikkita yangi Airbus A321neo samolyotini lizingga oldi.

Shuningdek, “Qanot Sharq” Toshkent-Farg‘ona-Moskva yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.