Banklar kredit portfelida avtokreditlar ulushi keskin oshishi ichki va tashqi omillar ta’sirida avtomobil narxlarining keskin pasayishini yuzaga keltirib, banklarda yirik kredit yo‘qotishlarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda Markaziy bankning birinchi yarim yillik bo‘yicha moliyaviy barqarorlik sharhida keltirilgan.

Qayd etilishicha, aholi daromadlarining tushishi avtomobillarga bo‘lgan talabni kamaytirishi tufayli narxlarning keskin pasayishi kuzatilishi mumkin. Bunday holatda, banklar kredit yo‘qotishlarini garov sifatida olingan avtomobillarni sotish orqali qoplay olmasligi mumkin.

Aholining o‘rtacha daromadidan kelib chiqib, avtokredit asosida avtoulov sotib olish imkoniyatlarini ifodalash maqsadida ishlab chiqilgan Avtoulov xarid qilish qobiliyati indeksi 2022-yildan pasayish tendensiyasiga ega bo‘ldi.

Joriy yilning birinchi yarmida aholining o‘rtacha hisoblangan nominal oylik ish haqi yillik o‘sish sur’ati 22%ni tashkil etishiga qaramay, indeks o‘zining pasayish tendensiyasini saqlab qoldi. Ya’ni, o‘rtacha daromadga ega aholining avtomobil xarid qilish qobiliyati pasaydi.

Bundan tashqari, banklari tomonidan avtokredit ajratish talablarining yengillashtirilishi yuzaga kelgan avtokreditlarning yuqori o‘sish sur’atlari avtomobil bozorida talab hajmini yanada rag‘batlantirdi.

Cheklangan ichki taklif va avtomobil importidagi yuqori bojxona stavkalari avtomobil narxlarining o‘sishiga va asosiy jamg‘arish aktivlaridan biri sifatida shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, avtomobillarning investitsion jozibadorligi oshishi bilan spekulyatsion jarayonlar ham ortmoqda.

Tijorat banklari tomonidan ajratiladigan avtokreditlar jozibadorligining ortgani, jumladan mijozlarga asosiy qarzni to‘liq so‘ndirish muddatlarida qulay takliflar taqdim etilayotgani natijasida avtokreditlarning o‘rtacha tortilgan muddati oshib bormoqda.

Xususan, birinchi yarim yillikda avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan kredit muddati 4,4 yilni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,6 yilga ko‘paygan.

Avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalar nisbatan yuqori darajada saqlanib qolib, birinchi yarim yillikda o‘rtacha 24% atrofida shakllandi. Biroq, kredit muddatining uzayishi aholining xarid qilish qobiliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda qariyb 162 mingta yengil avtomobil (maxsus yengil avtoulovlardan tashqari) ishlab chiqarilgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5% yuqori.

Ortib borayotgan yuqori talab sharoitida, birlamchi avtomobil bozorida taklif hajmining bir maromdagi o‘zgarishi va o‘rtacha narxlardagi o‘sish ikkilamchi avtomobillar bozoridagi narxlarga bosimni yuzaga keltirmoqda.

Joriy yilning 1-yanvar holatiga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan mamlakatda mavjud yengil avtomobillar sonining 11%ga o‘sishi kuzatildi. O‘zbekiston bo‘yicha har 1000 nafar doimiy aholiga 94ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelib, 2022-yilning mos davriga nisbatan qariyb 8taga ortgan.

Biroq, bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo, Kavkaz va boshqa davlatlar orasida nisbatan past ekanligi avtomobillar bozorida qondirilmagan talab miqdorining yuqori ekanligidan dalolat beradi.

Banklar tomonidan aholiga ajratilgan avtokreditlar qoldig‘ining yuqori sur’atlarda ortishi va aholining jami kredit tarkibida yuqori ulushga egaligi, ushbu banklar kredit portfelida konsentratsiya xavfining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa, avtomobil bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shoklarning bank tizimiga ta’sir ko‘lamini kengaytiradi.

Xususan, kelgusida mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi natijasida import uchun bojxona tariflarining qisqarishi, shuningdek O‘zbekistonda qo‘shimcha avtomobil ishlab chiqarish korxonalarining tashkil etilishi taklif hajmining ortishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu ichki bozorda narxlarning pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Narxlar arzonlashishi natijasida tijorat banklari tomonidan avtokreditlar ajratishda garov sifatida qabul qilingan avtomobillarning bozor qiymati kamayadi. Bunda, ajratilgan avtokreditlar yetarlicha garov ta’minoti bilan ta’minlanmasligi yuzaga kelishi mumkin.

Natijada, qarz oluvchilarda kredit to‘lashdan ko‘ra garovdan voz kechish ehtimoli yuqorilab, tijorat banklarida avtokreditlar bo‘yicha muammoli kreditlarning ulushi va kredit yo‘qotishlari hajmining ortishi kuzatiladi.

Avtomobil bozorida narxlarning keskin arzonlashishi tufayli jami kredit portfelida avtokreditlar ulushi yuqori bo‘lgan banklarda yirik kredit yo‘qotishlari yuzaga kelishi mumkin.

Jami kredit portfelida avtokreditlar ulushi yuqori bo‘lgan banklarning bank tizimida sezilarli ahamiyatga ega ekanligi inobatga olinsa, ushbu banklarda yuzaga kelgan moliyaviy qiyinchiliklar bank tizimi uchun qo‘shimcha tizimli xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida “UzAuto Motors” eng ko‘p qaysi yengil avtomobilni ishlab chiqargani ma’lum qilingandi.

Avvalroq kompaniya “Lacetti”, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” narxlarini oshirgani haqida xabar berildi. Dastllabki olti oyda “Cobalt” ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,1%ga oshib, 49 458tani tashkil etdi.