Joriy yilning uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki oltin xarid qilish bo‘yicha dunyoning yetakchi markaziy banklari beshligiga kirdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlarida keltirilgan.

Unga ko‘ra, mazkur davrda O‘zbekiston Markaziy banki 7 tonna qimmatbaho metal sotib olgan.

Birinchi o‘rinda Xitoy turibdi. Mamlakat chorak davomida oltin zaxiralarini 78 tonnaga oshirgan. Kuchli uchlikni Polsha va Turkiya egalladi hamda mamlakatlar mos ravishda 57 va 39 tonna oltin xarid qilishgan.

Qimmatbaho metalning eng yirik xaridorlari ro‘yxatida Hindiston, Chexiya, Singapur, Qatar, Rossiya, Filippin va Qirg‘iziston ham bor.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida O‘zbekiston xorijga oltin sotishni to‘xtatgan.

Yil boshidan buyon qimmatbaho metallar eksportidan $5,63 mlrd daromad keltirildi va bu o‘tgan yildagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘p.

Avvvalroq ketma-ket oltinchi oy O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralarida yana kamayish kuzatilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari $1,65 mlrdga kamayib, $31,03 mlrdni tashkil etdi.

Mart oyiga nisbatan oltin-valyuta zaxiralari deyarli $4,4 mlrd kamayib, 2020-yil martidan beri eng past darajaga yetdi.