Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Coinpay” MChJga kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Natijada, “Coinpay” O‘zbekistondagi ikkinchi litsenziyalangan kripto-birja bo‘ldi.

Bundan oldin, 2019-yilning dekabrida “Kobea Group"ga mamlakatda UZNEX kripto-birjasi faoliyatini yuritish uchun litsenziya berilgandi.

Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan hamda agentlik saytida foydalanish uchun ochiq hisoblanadi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Coinpay” MChJ ta’sischisi — Kim Aleksandr Rodionovich.

Korxona 2022-yilning 22-noyabrida ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning ustav fondi 7,63 mlrd so‘mni tashkil etadi.

2018-yili mamlakatda kripto-birjalar faoliyatini tashkil etishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. 2019-yilning yanvariga kelib, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi tasdiqlandi.

2022-yilning avgust oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-aktivlar muomalasi bo‘yicha kripto-birjalar va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarni litsenziyalash tartibini tasdiqladi. Sentabr oyiga kelib, kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig‘imlar miqdori belgilandi.