Toshkent shahrining “Bobur” ko‘chasi va “Toshkent” xalqaro aeroportini bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgichning birinchi bosqich qurilish-montaj ishlari yakuni bo‘yicha sinov o‘tkazildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, sinovda har biri 35 tonna bo‘lgan 4ta avtotreylerga har biri 40 tonna keluvchi 4ta harbiy tank yuklanib yo‘l o‘tkazgichga umumiy 300 tonna yuklama berildi.

“Sinov natijalariga ko‘ra yo‘l o‘tkazgich ekspluatatsiya davridagi yuklamaga nisbatan ko‘proq yuklamaga muvaffaqiyatli bardosh berdi va mustahkam ekanligini isbotladi”, deyiladi xabarda.

Joriy yilning 1-oktabridan Toshkent xalqaro aeroporti va Bobur ko‘chasini bog‘lovchi ko‘prik yo‘lini ta’mirlash ishlari doirasida ko‘prik yo‘li orqali avtobus va yuk mashinalarining harakati vaqtincha cheklangandi. Undan keyin mazkur ko‘chalar orqali harakatlanuvchi avtobus yo‘nalishlarining harakatiga oid ma’lumotlar e’lon qilindi.

Toshkent xalqaro aeroporti oldidagi ko‘prikni rekonstruksiya qilish ishlari 2024-yilning dekabrigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Prezident Toshkent aeroportiga olib boruvchi yo‘l rekonstruksiyasi bilan tanishgandi.