O‘zbekistondagi 14ta OTM “QS Asia University Rankings” reytingida Top-1000talikka kiritildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilayotgan “QS Higher Education Summit Asia Pacific 2023” doirasida QS reyting tashkiloti Osiyo universitetlarining 2024-yil uchun reyting (QS Asia University Rankings 2024) natijalarini e’lon qildi.
Mazkur reytingga mamlakatning 6ta hududidan 14ta OTM kiritilib, shundan 6tasi birinchi marotaba top-1000talikdan o‘rin egalladi. Bular quyidagilar:
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;
 - Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
 - Jizzax politexnika instituti;
 - Namangan muhandislik-texnologiya instituti;
 - Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
 - Farg‘ona politexnika instituti.
 
Joriy yilda xalqaro tan olinganlik darajasi, ilmiy-tadqiqotlar rivoji, ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik, akademik mobillik sohalari bo‘yicha Osiyo oliygohlari reytingida 25ta davlatdan 856ta OTM ishtirok etgan.
Bunda O‘zbekistonning 3ta — O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Akademik reputatsiya” indikatori bo‘yicha “TOP-200” oliygohlar qatoridan o‘rin egalladi.
O‘zbekistondan reytingga kiritilgan oliy ta’lim muassasalari:
| T/r | OTM nomlari | 2023 | 2024 | 
| 1 | Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universiteti (TIQXMMI MTU) | 301−350 | 249 | 
| 2 | O‘zbekiston milliy universiteti | 351−400 | 301−350 | 
| 3 | Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti | 401−450 | |
| 4 | Toshkent davlat texnika universiteti | 551−600 | 501−550 | 
| 5 | Samarqand davlat universiteti | 601−650 | 601−650 | 
| 6 | Toshkent axborot texnologiyalari universiteti | 651−700 | |
| 7 | Toshkent davlat agrar universiteti | 601−650 | 651−700 | 
| 8 | Toshkent moliy instituti | 551−600 | 701−750 | 
| 9 | Jizzax politexnika instituti | 751−800 | |
| 10 | Namangan muhandislik-texnologiya instituti | 751−800 | |
| 11 | Toshkent davlat pedagogika universiteti | 701−750 | 751−800 | 
| 12 | Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti | 801+ | |
| 13 | Qoraqalpoq davlat universiteti | 701−750 | 801+ | 
| 14 | Farg‘ona politexnika instituti | 801+ | 
O‘zMU “Akademik reputatsiya” bo‘yicha nisbatan yetakchi bo‘lib, 135-o‘rinda qayd etildi. Mazkur indikator bo‘yicha 7ta OTM o‘z o‘rnini yaxshilagan.
“Ish beruvchilar o‘rtasidagi reputatsiya” indikatori bo‘yicha TIQXMMI MTU 208-o‘rin, “Professor-o‘qituvchilar va talabalar nisbati” indikatori bo‘yicha 124-o‘rinni egalladi.
2022-yili mazkur “QS Asia University Rankings” reytingigaga mamlakatdagi 8ta OTM kiritilgandi.
                                                    
											
											
											
											
											
											
											
                            