Oktabr oyi boshida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston temir yo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha tegishli qarorni imzoladi. Undan keyin DXSh loyihalari doirasida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l vokzallarini rivojlantirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Spot"ga mazkur temir yo‘l stansiyalari uchun davlat-xususiy sheriklik loyihalari allaqachon tayyorlanganini qayd etdi. Terminallar DXSh tizimiga o‘tkazilib, boshqaruv “O‘zbekiston temir yo‘llari” qo‘lida qoladi.

Kompaniya noyabrdan boshlab Toshkent-Markaziy, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l vokzallari hamda ulardagi bo‘sh hududlarni tadbirkorlarga DXSh hamda shartnoma asosida ijaraga beradi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent-Markaziy temir yo‘l vokzalidagi mavjud 4 ming kvadrat kilometr joy xususiy sherikchilik hamda ijaraga berilmoqda.

Vokzalda ofis uchun joy, mehmonxona, do‘kon, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda savdo markazlarini tashkil qilish mumkin.

Bunda, hukumat qaroriga asosan, vokzallardagi bo‘sh hududlarni ijaraga olmoqchi bo‘lgan tadbirkorning taklifi o‘rganilib, tanlangan joy “E-auksion” orqali ijaraga beriladi.

Mazkur vokzallar hamda bo‘sh joylarni ijaraga olish bo‘yicha qiziquvchilar “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi"ning uzjeldorpass@mail.ru elektron pochtasi, @pastrans “Telegram” manzili hamda +998 71 299 71 66 raqami orqali batafsil ma’lumotlarni olishlari mumkin.

Prezident qarori bilan kelasi yildan tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish tariflari bozor narxlarida belgilanadi. Bundan tashqari, temir yo‘l transporti tariflarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinmoqda.

Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov 2024-yilda “Afrosiyob” elektropoyezdi chiptalari narxini oshirish masalasini ko‘rib chiqayotganini bildirgandi.

Shuningdek, u 1-noyabrdan temir yo‘l chiptalari narxi oshirilganiga izoh berib, indeksatsiya “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning yo‘qotishlarini kamaytirishga yordam berganini ta’kidladi.