Xitoyning Pekin texnologiya instituti CSC stipendiya dasturiga arizalar qabul qilmoqda.

Unda dunyoning istalgan nuqtasidan talabalar magistratura hamda PhD darajalari uchun ishtirok etishlari mumkin.

Ayni paytda to‘liq moliyalashtiriladigan grant dasturi 2024−25 o‘quv yili uchun arizalarni qabul qilmoqda. Talabalar ingliz tilini bilishlari talab etiladi.

Institutda turli akademik ta’lim yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, quyida ulardan ayrimlari keltirilgan:

  • Kompyuter fanlari va texnologiyasi;
  • Dizayn va san’at;
  • Ta’lim;
  • Xorijiy tillar;
  • Mashinasozlik;
  • Gumanitar va ijtimoiy fanlar;
  • Axborot va elektronika;
  • Menejment va iqtisod;
  • Matematika;
  • Fizika.

Mavjud yo‘nalishlar bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Qabul qilingan talabalarning ro‘yxatdan o‘tish hamda o‘qish to‘lovi hamda sug‘urta xarajatlari (800 yuan) qoplab beriladi.

Shuningdek, laboratoriya tajribalari, amaliyot va asosiy darsliklari, universitet yotoqxonasi yoki turar joy uchun mablag‘ ajratiladi.

Magistratura talabalariga oyiga 3000 yuan ($411), PhD talabalari uchun esa 3500 yuan ($480) miqdorida stipendiya ajratiladi.

Shu bilan birga, magistraturada o‘qish muddati 2−3 yil, doktoranturada 3−4 yil davom etadi. Magistratura uchun da’vogarlar 35 yoshdan kichik va bakalavr darajasiga ega, PhD uchun 40 yoshdan kichik va magistr darajasiga ega bo‘lishi kerak.

Arizalar onlayn qabul qilinib, unda quyidagi hujjatlarni PDF formatida yuklash kerak:

  • CSC ariza shakli;
  • bitiruvchilar uchun notarial tasdiqlangan sertifikat (ingliz tilida)/ro‘yxatdan o‘tgan talabalar uchun ta’lim olganligi to‘g‘risidagi sertifikat;
  • notarial tasdiqlangan transkript;
  • BIT maslahatchisining tavsiya shakli;
  • CV;
  • shaxsiy bayonot;
  • ikkita tavsiyanoma;
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • jismoniy tekshiruv qaydi;
  • ingliz tilini bilish sertifikati yoki testi.

Nomzodlar CSC stipendiya portalida, shuningdek, universitet grantlarining ariza portalida onlayn ariza topshirishlari kerak. To‘liq ariza berish tartibi quyida keltirilgan:

  • 1-qadam — havoladagi manzilda hisob yaratilib, “Type B” dasturi tanlanadi. Institut agenti raqami — 10007. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng CSC ariza shaklini yuklab olish kerak.
  • 2-qadam — havola orqali hisob yaratilib, yuqoridagi hujjatlar yuklanadi va BIT ariza raqamini olish uchun ariza jo‘natiladi.

Arizalarni topshirishning birinchi bosqichi 2024-yilning 15-fevraligacha davom etadi. Ikkinchi bosqich 2024-yilning 16-fevralidan boshlanib, arizalar 15-aprelgacha qabul qilinadi.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq Yaponiyaning Osiyo-Tinch okeani universiteti (APU) Osiyo taraqqiyot banki (OTB) stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.