Markaziy bank “Oson” to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatish huquqini qaytardi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bank nazorat qo‘mitasining 10-noyabrdagi qaroriga bilan “Brio Group” kompaniyasining to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha litsenziyasining amal qilish muddati qayta tiklandi. Joriy yilning 17-oktabrida litsenziyaning amal qilish muddati to‘xtatilgan. Biroq, buning hech qanday sabablari ko‘rsatilmagan.

“Oson” to‘lov tizimining regulyator bilan bog‘liq muammolari mavzusi avgust oyi boshida, xizmat ikkala to‘lov tizimi — “Humo” va “Uzcard” kartalari bilan ishlash to‘xtatilganini e’lon qilgan paytda ommaga ma’lum bo‘ldi. Kompaniya bosh direktori Farhod Mahmudovning aytishicha, tizim firibgarlik bilan bog‘liq talab va tekshiruvlar ro‘yxatiga kirmagan.

Avgust oyi oxiriga borib, Markaziy bank “Oson” to‘lov tashkilotiga nisbatan qonunchilikka asosan jarima sanksiyasini qo‘lladi. Bu kompaniyaning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi talablarni buzgani bilan izohlandi.

Undan keyin, to‘lov tashkiloti Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanilishi bo‘yicha izoh berib, regulyator fintex kompaniyalariga transchegaraviy to‘lovlar bilan ishlashni taqiqlashini ma’lum qildi.

5-sentabrga kelib, O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari xalqaro pul o‘tkazmalarini to‘xtatib qo‘yishdi. Shu kuni regulyator o‘rnatilayotgan cheklovlar bo‘yicha izoh berdi. To‘lov tashkilotlarining transchegaraviy va davlatlararo tranzit tashkiloti sifatidagi operatsiyalarda ishtirok etishlari qonunchilikka muvofiq emasligi qayd etildi.

“Spot” mazkur o‘zgarishlar to‘lov tashkilotlari va bozorga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida ekspertlar fikrini o‘rgangandi.