Hukumatning 10-noyabrdagi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha onlayn ariza berishni joriy etishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, 2024-yilning aprelidan fuqarolar uchun Yagona portal orqali onlayn ravishda bolalar nafaqasi va moddiy yordamga ariza topshirish imkoniyati yaratiladi.

“Inson” markazlarining ijtimoiy xodimlariga fuqarolarning bevosita roziligi bilan “Yagona reyestri” AT orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron ariza berish huquqi beriladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash mezonlariga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, joriy yilning dekabridan bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangandan so‘ng “Yagona reyestr” yordamida har oyda oilaning iqtisodiy holati avtomatik ravishda monitoring qilib boriladi.

Agar oilaning iqtisodiy holati yaxshilangan (masalan, ikkinchi ko‘chmas mulk yoki noturar joy, yangi avtotransport xarid qilgan yoki yuqori ish haqi olishni boshlagan) bo‘lsa, nafaqa to‘lovi to‘xtatiladi.

16-noyabrdan berilgan arizalar uchun mehnat organlariga murojaat qilganligi sabab rasmiy bandlik talab etilmasdan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oila a’zosi mazkur yordam puli tayinlangan oydan boshlab 3 oy davomida quyidagilardan birini amalga oshirmagan bo‘lsa keyingi oydan to‘lovlar to‘xtatiladi:

  • mehnat organi orqali kasbga tayyorlash, malaka oshirish, qayta tayyorlash o‘quv kurslarida o‘qimasa;
  • markazda ish izlovchi yoki ishsiz sifatida ro‘yxatga olinmasa;
  • ishga joylashmasa;
  • YaTT faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kirmasa;
  • mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad qilgan bo‘lsa.

Ishlab chiqarilgan muddati 12 yildan oshmagan yengil avtomobili mavjud oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi.

Bunda, oilada birinchi yoki ikkinchi guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo‘lsa ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshgan avtomobilga ega oilaga nafaqa tayinlash rad etilmaydi.

Oila a’zolari nomiga rasmiylashtirilgan tomorqa yer yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lganlar faqat bitta oila a’zosi band deb avtomatik belgilanadi.

Fuqaroning chet elda ekanligi yoki “har bir oila — tadbirkor” faoliyati bilan band ekanligi elektron ma’lumotlar asosida avtomatik aniqlanadi. Bunda, mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan belgilab berish tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turgan oila a’zolaridan bandlik talab etmaslik imtiyozi berilmoqda. Rasman nikohi bekor qilinmagan aliment to‘layotgan er (xotin) oila tarkibiga kiritilmasligi belgilandi.

Bundan tashqari, kelasi yilning 1-martidan “mahalla yettiligi” tomonidan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olayotgan oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq foydalanuvida bo‘lgan avtomobillar, ko‘chmas mulklari hamda chorva mollari ularning arizalarida ko‘rsatgan ma’lumotlarga muvofiqligi joyiga chiqqan holda o‘rganiladi.

Avvalroq o‘zini o‘zi band qilganlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari kengaytirilgandi. Ro‘yxatga atlas va adras to‘qish, asalarichilik, qo‘ziqorinlarni yig‘ish hamda pichoq ishlab chiqarish kabi 19ta faoliyat turi kiritilib, jami 101taga yetkazildi.