16-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Sariosiyo tumani “Bog‘iston” mahallasida “To‘palang” suv omboridan ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

Mazkur bosqichda suv Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlariga yetib bordi. Viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 70%ga yetdi. Suv o‘z oqimi bilan tushishi tufayli 8,6 mln kilovatt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 90%ga yetkaziladi.

Natijada, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 2 mlnga yaqin aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Loyihani 2024-yilda yakunlash mo‘ljallangan.

2021-yilda Termizda hududda markazlashgan tarmoqlar orqali ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 60% atrofida edi. Prezident bu borada “To‘palang” suv ombori ulkan va toza manba ekanini ta’kidlab, uni aholiga yetkazish bo‘yicha loyiha tayyorlash vazifasini qo‘ygandi.

Bu havzaga suv tog‘lardagi qor va muz erishidan yig‘iladi. Tekshiruvlarga ko‘ra, bu suvning qattiqlik darajasi 4%, foydali minerallarga boy va musaffo. Bundan foydalanib, Surxondaryo aholisi uchun ijtimoiy loyiha amalga oshirilmoqda.

Uning doirasida suv omboridan Termiz shahrigacha 380 kilometr metall quvurlar tortiladi. Uning 159 kilometri magistral, 221 kilometri shahar va tumanlarni bog‘lovchi ichki tarmoqlardir.

Shuningdek, suv tozalash, bosimni kamaytirish va suv yig‘ish inshootlari quriladi. Bugungi kunda 147 kilometr quvur tortib bo‘lindi. Suv tozalash, bosimni kamaytirish va 5ta suv yig‘ish inshooti barpo etildi.