Hindiston kompaniyalari Buxoro viloyatida turli loyihalarni amalga oshirishga qiziqmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiyaning Hindistonga tashrifi doirasida Bangalor shahrida ikki davlat ishbilarmon doiralari va tadbirkor vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi.

Unda Hindistonning farmatsevtika, to‘qimachilik, IT va boshqa sohalarida faoliyat yuritadigan 50dan ortiq kompaniya rahbarlari ishtirok etdi. Tomonlar manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha muhokama olib borildi.

Xususan, “MAM Minerals” kompaniyasining Peshko‘ tumanida grafitni qayta ishlash va yuqori qiymatli, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar (elektromobil akkumulatorlari) ishlab chiqarish loyihasini hayotga tatbiq etish masalalari o‘rganildi. Tomonlar viloyatdagi grafit konida o‘rganishlar olib borishga kelishishdi.

Botir Zaripov “Onlayn Instruments” kompaniyasiga Buxoroda proyektorlar ishlab chiqarish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflarni bildirdi. Kompaniya tomonidan bu takliflar qo‘llab-quvvatlanib, anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur bitim bilan viloyatdagi umumta’lim maktablari va davlat idoralarini kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan “aqlli proyektorlar” bilan jihozlash belgilanmoqda. Buning natijasida “Acharya” universiteti bilan maktab o‘qituvchilari va davlat tashkilotlari xodimlarini ingliz tili va boshlang‘ich IT ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha ish olib boriladi.

“IBM” kompaniyasi bilan Qorako‘l tumanida tashkil etilayotgan “Acharya-IT” klasterida yoshlarni IBM sertifikati asosida o‘qitish, klaster negizida kompaniya ofisi va laboratoriyasini tashkil etishga kelishildi.

Shuningdek, “Acharya” universiteti bilan Buxoroda 1−11 sinflarga mo‘ljallangan xalqaro maktab tashkil qilishga kelishildi. Loyiha natijasida, viloyatda istiqomat qilayotgan xorijliklar va investorlarga qulaylik yaratish, mahalliy yoshlarga jahon standartlari asosida ta’lim olish imkoniyatlari yaratiladi.

“National Travels” sayyohlik kompaniyasi bilan madaniyat va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish, xususan, ziyorat turizmi doirasida Buxoroga sayyohlar oqimini ko‘paytirish belgilanmoqda.

2024-yilning yanvar-fevral oylarida kompaniya tomonidan hindistonlik OAV hamda turistik agentliklari vakillaridan iborat delegatsiyaning safari tashkil etiladi.

Safar davomida Hindiston tadbirkorlari bilan Buxoro viloyatida turli sohalardagi loyihalarga qaratilgan 15ta anglashuv memorandumi imzolandi.

Avvalroq Rossiyaning “Alabuga” kompaniyasi Buxoroda maxsus iqtisodiy zona tashkil etishi ma’lum qilingandi.