Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu sohani isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida so‘nggi uch yilda banklar kapitali 1,8 baravarga, yillik kredit ajratish hajmi 2 baravarga ko‘paydi.

Shu bilan birga, 4ta bank ilk bor “yevrobond” chiqarib, xalqaro kapital bozorlaridan $1 mlrd resurs jalb qildi. “Ipoteka bank"ka strategik xorijiy investor jalb qilindi.

13ta yangi xususiy bank tashkil etildi, Vengriya, Qozog‘iston va Gruziya banklari mamlakatda faoliyat boshladi. Onlayn bank xizmatlari hajmi 2,7 barobarga oshdi.

Bank sektorida raqobat kuchaymoqda, bank xizmatlariga aholi va tadbirkorlar tomonidan talab oshmoqda. Bu sohada transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, davlat ulushiga ega banklarni xususiylashtirishga tayyorlash, ularning qimmatli qog‘ozlarini IPO"a chiqarish, sohaga tajribali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Xalqaro reyting kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirib, banklarning reytingini oshirish bo‘yicha o‘rta muddatli chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, sohada kadrlar tayyorlash tizimini zamon talablariga moslashtirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda bank rahbarlari transformatsiya va xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish, xodimlarni o‘qitish, sohada IT yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha rejalarini bildirdi.

Har bir bank o‘zi sarmoya kiritgan loyihalarni chuqur tahlil qilib, ishga tushishini kuzatib borishi, hududlar va sohalarda samaradorligi yuqori bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishi zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilning iyun oyida Vengriyaning “OTP Bank"i “Ipoteka bank"ni sotib oldi. Xususan, bank Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga tegishli aksiyalardan 75%ini sotib olgan, qolgan 25%i esa uch yillik muddatda sotib olinadi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hisobotida IPO va xususiylashtirishning O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish istiqbollariga ijobiy ta’sirini qayd etgandi.


Avvalroq O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv ta’minoti bosqichma-bosqich xususiylashtirilishi ma’lum qilingandi.