Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) IPO va xususiylashtirishning O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish istiqbollariga ijobiy ta’sirini qayd etadi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

Prognozga ko‘ra, yaqin ikki yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti har yili 6,5%ga o‘sadi. Xususan, bunga nominal ish haqi va kreditlash hajmining o‘sishi bilan ta’minlangan kuchli ichki talab yordam beradi.

YeTTB chakana savdo, qurilish, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligini alohida ta’kidlab, ularning natijalari ta’sirchan, deya ta’rifladi.

Shuningdek, IPO va xususiylashtirishni yaxshi tashkil etish iqtisodiy o‘sish istiqbollarini yaxshilashga olib kelishi mumkin.

Iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashuviga tahdid soluvchi omillar qatoriga pul o‘tkazmalarining qisqarishi — birinchi navbatda Rossiyadan, infratuzilmaning yomonlashishi va suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kiradi.

Bundan tashqari, YeTTB xalqaro savdo va turizmning qayta tiklanishi, migratsiya va Rossiyadan pul o‘tkazmalarining yuqori darajasi tufayli birinchi yarim yillikda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti kuchli o‘sishni ko‘rsatganini qayd etadi.

Joriy yilda mintaqada YaIM 5,7%ga, 2024-yilda esa 5,9%ga oshadi. Investitsion bank yaqin orada Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining tezlashishi davom etishini kutmoqda.

Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning joriy va kelasi yil uchun iqtisodiy o‘sishi prognozini yaxshilagani haqida xabar berilgandi.