20-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida ichimlik suvi, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi ko‘rib chiqildi.

Xalqaro moliya institutlari ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalarning soni va ko‘lami kengayib bormoqda. Xususan, oxirgi 7 yilda shunday institutlar mablag‘lari hisobidan $16 mlrd o‘zlashtirilib, 103ta loyiha ishga tushirildi.

Bularning natijasida 5 mlnga yaqin aholining kundalik hayoti yaxshilanishiga ta’sir qilgan 9 mingta ijtimoiy va infratuzilma inshootlari qurildi va ta’mirlandi.

Shuningdek, 38ta yangi yirik sanoat quvvati ishga tushirilib, 6,5 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi. Xorijiy investitsiyalar hisobiga, sohalarga yangi texnologiyalar, yondashuvlar ham kirib kelmoqda.

Lekin, hamma tarmoqda ham natijadorlik birdek emas. Masalan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida joriy yilda $238 mln xalqaro moliya institutlari mablag‘lari o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Bu mo‘ljaldan ancha kam.

Umuman, so‘nggi yillarda sohaga $2,4 mlrd jalb qilinib, shundan $1,3 mlrd o‘zlashtirilgan. Lekin kechikkan loyihalar ham bor. Misol uchun, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika markazlari tashkil etish kechikmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligida $877 mlnlik 11ta loyiha mavjud. Ularning aksariyati amalga oshirilmoqda. Lekin nefrologiya va urologiya muassasalarini jihozlash, poytaxtimizning Yashnobod tumanida kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurish, milliy referens laboratoriyasi tashkil qilish loyihalari bo‘yicha investitsiya o‘zlashtirish boshlanmagan.

“O‘zsuvta'minot” tarmog‘ida qiymati $2,1 mlrdlik 22ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 8ta loyihaning o‘z vaqtida ishga tushmasligi ehtimoli bor. Bu ko‘p hollarda loyiha guruhlari faoliyati bilan bog‘liq ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari loyihalar bajarilishida vazirlarning mas’uliyatini oshirish, har birini xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilib borish hamda mablag‘larni samarali ishlatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mutasaddilar yil yakunigacha va 2024-yilda ishlarni jadallashtirib, kechikishlarni bartaraf etish, loyihalarni sifatli bajarib, natijasini ta’minlash bo‘yicha axborot berdi.

Aprel oyidagi hukumat nizomi bilan xalqaro mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarga QQS bo‘yicha imtiyozlar beriladi. To‘liq yoki qisman xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan QQSni qoplash uchun foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.