Rossiyaning “Shyolkovo agroxim” kompaniyasi O‘zbekistonda agrokimyo vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Rossiyaning mamlakatdagi savdo vakolatxonasi ma’lum qildi.

Ishlab chiqarish zavodi Samarqand viloyatidagi “Urgut” erkin iqtisodiy zona hududida joylashgan. Loyiha natijasida korxonada 100dan ortiq ish o‘rni yaratildi.

Zavod yiliga 20 ming tonnadan ortiq o‘simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalar ishlab chiqaradi.

Loyihaga kiritilgan investitsiyalar hajmi $30 mlndan ortiq bo‘lib, bu mablag‘lar kompaniyaga 10 yil muddatga soliq imtiyozlarini olish imkonini berishi ta’kidlangan.

Shuningdek, zavodda ishlab chiqarilgan o‘simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalar Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga eksport qilinadi.

Zavod qurilishi 2017-yilda boshlangan. Birinchi bosqichda kompaniya umumiy quvvati kamida 10 ming tonna bo‘lgan uchta ishlab chiqarish liniyasini yaratishni rejalashtirgan va buning uchun $2 mln yo‘naltirish kutilmoqda.

2019-yilning boshiga kelib, loyiha qiymati $3 mlnga yetkazildi. Ishga tushirish sanasi bir necha bor, jumladan, COVID-19 pandemiyasi tufayli keyinga surilgan.

Kompaniya haqida

Shyolkovo agroxim” Rossiya agrokimyo bozoridagi eng yirik o‘yinchi hisoblanib, 1998-yilda tashkil etilgan. Korxona yiliga 50 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Kompaniya portfelida 465ta dori vositalari va uning ishlanmalari uchun 100dan ortiq patentlar mavjud.


Avvalroq Rossiyaning “Ozon” onlayn tijorat kompaniyasi O‘zbekistonda sotuvni yo‘lga qo‘ygandi.