Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida mayning kripto-aktivlari qurilmalarini o‘rnatgan xonadon aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Uzun tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.Q fuqaro J.U bilan o‘zaro til biriktirib, o‘z uyida 114 ta to‘plamdagi mayning kripto-aktivlari qurilmasini umumiy foydalangani aniqlangan.

Qayd etilishicha, fuqarolar elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, davlat manfaatlariga 425,7 mln so‘m zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Xorazmda davlatga 1 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan mayning ferma aniqlangani haqida yozgandi.

Xususan, fuqaro O.O. ga tegishli umumiy iste’mol quvvati 228,8 kVtni tashkil etadigan mayning qurilmalari elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan.

Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra davlat manfaatlariga 1 mlrd 60 mln 205 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.