“Uzbekistan Airports” va “Korea Airport Corporation” (KAC) o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi, deya xabar berdi “KAC” matbuot xizmati.

“Biz korporatsiyaning aeroport sohasidagi 43 yillik tajribasi va unga aloqador texnologiyalarni baham ko‘rish orqali O‘zbekistonda aviatsiya sanoati rivojiga hissa qo‘shamiz”, — dedi korporatsiya prezidenti Xyun Jung Yun.

Ushbu bitim orqali ikkala kompaniya aeroport boshqaruvi va operatsion samaradorlikni oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishini kutmoqda.

Shuningdek, aeroport ekspluatatsiyasi imkoniyatlarini mustahkamlash uchun bilim va ma’lumot almashish, aviatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va aeroportlar ekspluatatsiyasi dasturlarini birgalikda ilgari suradilar.

Ikkala tomon turli sohalarda, jumladan, xodimlar almashinuvida ham yaqin hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

Shuningdek, u “KAC” o‘zbekistonlik hamkasblariga aviatsiya kadrlarini tayyorlash masalalari bo‘yicha maslahat berishini qo‘shimcha qildi.

“Korea Airport Corporation” 1980-yilda Seulda tashkil etilgan. Korporatsiya aeroportlarni qurish va boshqarish, shuningdek, aviatsiya sanoatini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda kompaniya Janubiy Koreyada 14 ta aeroportni boshqaradi.