Joriy yilning 8-noyabridan boshlab Toshkent — Xojikent — Toshkent yo‘nalishdagi elektropoyezdlar harakati noma’lum muddatga to‘xtatilgandi.

Bu harakat tarkibini modernizatsiya qilish bilan izohlanib, 6435/6436-sonli Toshken-Xojikent-Toshkent hamda 6441/6442-sonli Toshkent-Xojikent-Toshkent. shaharlararo yo‘lovchi poyezdlar vaqtinchalik harakatlanmasligi ma’lum qilingandi.

23-noyabrdan 6437/6440-sonli Toshkent — Xojikent — Toshkent yo‘nalishidagi elektropoyezd harakati qayta tiklandi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

“Tashtrans"ning ma’lum qilishicha, elektropoyezd quyidagi jadval asosida harakatlanadi:

  • Toshkent-Xojikent — 16:50;
  • Xojikent-Toshkent — 06:40.

Bundan tashqari, Toshkentdan Xojikentga ertalab soat 07:10da hamda Xojikentdan Toshkentga kunduzi soat 10:10da amalga oshirilgan reys vaqtinchalik bekor qilingan.

Avvalroq 20, 21, 22-noyabr kunlari 6408/6409-sonli Toshkent-Angren-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha shaharlararo yo‘lovchi poyezdi vaqtincha to‘xtatilgandi.

Joriy yilning 1-noyabridan mahalliy yo‘nalishlardagi temir yo‘l chiptalari narxi oshirildi. Yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 44%ga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlari chiptalari esa 60%dan yuqoriroqqa oshirildi.