Joriy yilning 24-noyabr kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga keldi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali xabar berdi.

Tumandagi 110/35/10 kVA bo‘lgan “Sag‘bon” podstansiyasidagi mavjud yuqori kuchlanishli elektr qurilmasida favqulodda avariya holatida elektr ta’minotida uzilish sodir bo‘ldi.

Mazkur podstansiya tumanning Qoraqamish ½, 1/3, 2/1, 2/4-mavzelari, “Paxta”, “Tepa Guzar”, “Sag‘bon”, “Gulzor” MFYlari, Noras Tepa, Nozimaxonim 3-tor, Sag‘bon 1-tor, Sag‘bon 2-tor, Sag‘bon 12-tor, Sag‘bon 13-tor, Keles yo‘li, O‘razboyeva, Oltinsoy, Moyariq, Moyqo‘rg‘on, G.Gafurov, Oxunboboyev hamda Dadabayeva ko‘chalari hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Undan keyin yuzaga kelgan holat bo‘yicha Energetika vazirligi rasmiy axborot berdi. Keltirilishicha, nosozlik soat 11:40da yuzaga kelgan.

Buning natijasida Olmazor tumanining Qoraqamish ½, 1/3, 2/1, 2/4, 3/2 mavzelari hamda Toshkent tumani Keles yo‘li ko‘chasi iste’molchilari (9 mingta iste’molchi) qisman elektr ta’minotidan uzilgan.

Olmazor tuman elektr ta’minoti korxonasining tezkor brigadalari zarur elektr qurilmalar hamda maxsus avtotransport vositalari bilan mazkur nosozlikni bartaraf etishga jalb qilindi.

Qayd etilishicha, quvvati 40 ming kVA bo‘lgan yangi kuch transformatorini almashtirish vaqtida ta’minot vaqtinchalik ikkinchi transformatorga o‘tkazilgani natijasida tarmoqda yuklama oshib, avariyali holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

“G‘alaba”, “Umid”, “Shodiyona”, hamda “Paxta” mahallalarida elektr ta’minoti tiklandi. Shu kuni birlamchi zarur ijtimoiy soha obyektlari va aholi punktlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida, dizel generatorlari olib kelinib, tarmoqqa ulash ishlari olib borildi.

Elektr tarmoqlari poytaxt fililalining ta’kidlashicha, 10dan ortiq katta quvvatli dizel generatorlari o’rnatilib, 10ta mahallaga elektr quvvati berildi.


Avvalroq Shavkat Mirziyoyev energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan tanishgandi. Tizim 1-dekabrdan 24 soatlik ish rejimiga o‘tadi.