Rossiyaning “FESCO” transport guruhi Moskvadan Toshkentga va ortga konteyner poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya boshqaruvi raisi Andrey Severilov va O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov yuk tashishni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

“Bugungi kunda „FESCO“ ulushi Rossiyaning Uzoq Sharq portlaridan O‘zbekistonga bo‘lgan konteyner tashishning 35%ini tashkil etadi. Mamlakat uchun bu yo‘nalish import qilinadigan mahsulotlarni yetkazib berish va o‘z mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqishda asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi”, — dedi Severilov.

Yil boshidan buyon mahalliy “FESCO Tashkent Shuttle” xizmati Vladivostokdan Toshkentga 7,5 mingdan ortiq 40 futlik dengiz konteynerlarini yetkazib berdi.

2022-yil sentabridan boshlab “FESCO” Yaponiyadan Xitoy va Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yuk tashish bo‘yicha yangi xizmatni ishga tushirdi. Umuman olganda, guruh 9 oy ichida O‘zbekistonga 8,5 ming TEU tashidi, mazkur ko‘rsatkich 2021-yildagi bilan deyarli bir xil bo‘lgan.

O‘tgan yilning oktabr oyida “FESCO” O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini ochdi. “Fesco Turan” Yevropadan O‘zbekistonga hamda Janubiy Osiyo mamlakatlari va O‘zbekiston o‘rtasida Novorossiysk porti orqali temir yo‘l konteyner tashuvlarini rivojlantirmoqda.

FESCO Transport Group” — port, temir yo‘l va integratsiyalashgan logistika biznesi sohasidagi aktivlarga ega bo‘lgan Rossiyadagi eng yirik xususiy transport va logistika kompaniyalaridan biri.