Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan “Yalpiz” restoranining faoliyati aholiga noqulaylik keltirgani uchun vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tumanning “Shota Rustaveli” ko‘chasidagi 59-uyida istiqomat qiluvchi aholidan hokimlikka murojaat kelib tushgan. Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan “Yalpiz” restorani o‘z faoliyati bilan shu uy aholisiga qator noqulayliklar keltirishi aytilgan.

Xususan, murojaatda restoran rahbariyati tomonidan oshxona tashkil qilinib, dudbo‘ron, konditsionerlar qatorida taomlarni tayyorlash uchun issiqlik uskunalari, jumladan, mangal o‘rnatilgani hamda u ko‘mirda yoqilishi, bu esa ko‘p qavatli uy uchun yong‘in xavfini keltirib chiqarishi qayd etilgan.

Shuningdek, aholi derazalariga yaqin joylashgan dudbo‘ronlardan chiqayotgan shovqin va qovurilgan taomlarning hidi, aholi uchun noqulaylik tug‘dirishi aytilgan. Bundan tashqari, restoran xodimlari tomonidan uy hovlisida chiqindilar tashlab ketilishi keltirilgan.

Mazkur holat hokimlik nazoratiga olinib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi yordamida tegishli o‘rganish va tekshiruvlar olib borildi.

Natijada, 25-noyabr kuni umumiy ovqatlanish maskanining rahbariyati tomonidan faoliyatda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, ularni belgilangan muddat ichida bartaraf etish majburiyati yuklatildi.

“Shota Rustaveli” ko‘chasi, 59-uy hovlisida joylashgan uskunalarni boshqa, aholiga noqulaylik tug‘dirmaydigan joyga ko‘chirish belgilanib, restoran faoliyati kamchiliklar bartaraf etilgungacha to‘xtatildi.

Hokimlik Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan qonunchilik talablariga rioya qilishni, aholiga noqulaylik keltirmaslikka harakat qilishni so‘ramoqda. Bu kabi kamchiliklar mavjud bo‘lsa, o‘z vaqtida bartaraf etishni tavsiya qildi.

Avvalroq Toshkent shahar hokimligi metropolitenning yer usti liniyalari ostidagi tijorat binolarini ijaraga berishi haqida ma’lum qilingandi.