O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda agrologistika markazi tashkil etiladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

28-noyabr kuni Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joylashgan “BMB-NRC Agrologistics” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

40 gektar hududni o‘z ichiga olgan markaz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, kalibrlash, qayta ishlash, qadoqlash va saqlash kabi xizmatlarni o‘z ichiga oladi.

Loyihaning umumiy qiymati 709,7 mlrd so‘mni tashkil etib, kompleks qurilishi uch bosqichli modul ko‘rinishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. To‘liq ishga tushirilgach 810 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish imkoni yaratiladi.

Hozir 180ta doimiy, 400dan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratilmoqda. Majmua to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, 1410ta doimiy hamda 1500ga yaqin mavsumiy ish o‘rinlari yaratilishi qayd etilgan.

Avvalroq Xitoyning “Hichain” kompaniyasi O‘zbekistonda uchta hududida logistika markazini ochishi ma’lum qilingandi.