Xitoy kompaniyasi Farg‘onada ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Mycars (Shandong) International Trading” kompaniyasi ta’sischilaridan iborat investorlar guruhini hamda kompaniyaning mahalliy hamkorlari bilan uchrashdi.

Loyiha viloyatning Quvasoy tumanida amalga oshirilib, buning uchun $15 mln yo‘naltiriladi. Yangi xorijiy korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, yaqin kunlarda loyihani boshlash rejalashtirilgan.

Dastlabki bosqichda avtoklavli gazobloklar va binolar fasadlari uchun bazalt izolyatsion plitalari ishlab chiqarish liniyalari ishga tushiriladi. Qisqa muddatda 100dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratilishi ta’kidlangan.

Ikkinchi bosqichda esa yuk ko‘tarish kranlari yig‘ish, shuningdek, veterinariya dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyihaning barcha liniyalari ishga tushishi natijasida 300dan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Xitoyning “Chengdu Shiny Technology” hamda “Zhiyuanhui Information Technology” kompaniyalari Farg‘onada “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Loyiha o‘z ichiga aqlli transport, aqlli energetika tizimi, aqlli suv va gaz ta’minoti kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

“Ruisu” kompaniyasi viloyatda elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqaradi. “Luoyang Grasen Power Technology” kompaniyasining bu kabi qurilmalarni ishlab chiqarish loyihasiga $30 mln jalb qilinadi.


Avvalroq Qatarning “Qatar National Cement” kompaniyasi O‘zbekistonda qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.