“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Navoiy viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Qiziltepa tumanida o’tkazilgan tungi nazorat ishlari davomida tumanning “Yashnaobod” mahallalasida noqonuniy mayning ferma aniqlanib, faoliyati to‘xtatildi.

Mayning ferma hududda joylashgan “X.N” fermer xo‘jaligiga tegishli dala shiyponida elektr hisoblagichdan tashqari, o’zboshimchalik bilan 47ta mayning qurilmalarini elektr tarmog‘iga ulagan.

Bundan tashqari, sovutish va yoritkich moslamalari hamda boshqa elektr qurilmalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqqa ulagan holda noqonuniy foydalanib kelgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur fermer xo‘jaligi tomonidan tizimga 1,8 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim etildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida 26ta noqonuniy mayning ferma aniqlandi. Ular tomonidan qariyb 60 mlrd so‘mga yaqin elektr energiyasi talon-toroj qilingan.